Bank of Georgia egasi Oʻzbekistondagi TOP-5 banklardan birini sotib olmoqchi
Gruziyaning Bank of Georgia bankiga egalik qiluvchi Lion Finance Group Oʻzbekiston bozoriga yirik bankni sotib olish orqali kirishni rejalashtirmoqda.
Guruhni kichik banklar emas, mahalliy bozorda TOP-3 yoki TOP-5 qatoriga kiradigan oʻyinchilar qiziqtirmoqda. Hozircha Oʻzbekistondagi aniq bank nomi yoki muzokaralar boshlangan-boshlanmagani maʼlum emas.

Lion Finance Group bosh direktori Archil Gachechiladze Bloomberg’ga bergan intervyusida kompaniya faoliyatini Oʻzbekiston va Qozogʻiston, shuningdek, Boltiqboʻyi va Bolqon mamlakatlariga kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganayotganini maʼlum qildi.
Guruh yangi bozorlarda bankni noldan tashkil etishdan koʻra, allaqachon katta mijozlar bazasi va bozor ulushiga ega moliya tashkilotini sotib olib, unga Bank of Georgia’da ishlatilayotgan raqamli modelni tatbiq qilishni maʼqul koʻrmoqda.
“Biz TOP-3 dan TOP-5 gacha boʻlgan oʻyinchilarga eʼtibor qaratamiz”, — degan Gachechiladze Bloomberg’ga.
Biroq Lion Finance Oʻzbekistonda qaysi bank bilan qiziqayotgani, biror bank aksiyadorlariga taklif yuborgani yoki muzokara olib borayotgani haqida hozircha maʼlumot bermagan.
Oʻzbekistonda TOP-5 ga qaysi banklar kiradi?
Gachechiladze “TOP-5” reytingi qaysi koʻrsatkich — aktivlar, kredit portfeli, mijozlar soni yoki boshqa mezon asosida shakllanishini aniqlashtirmagan.
Agar aktivlar hajmi asos qilib olinsa, Markaziy bankning 2026 yil 1 iyul holatidagi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi beshta eng yirik bank quyidagilar:
- Oʻzmilliybank — 146,5 trln soʻm;
- Agrobank — 118,4 trln soʻm;
- Oʻzsanoatqurilishbank (SQB) — 108,5 trln soʻm;
- Kapitalbank — 62,7 trln soʻm;
- Asakabank — 62,5 trln soʻm.
Ularning jami aktivlari 498,7 trln soʻmni tashkil etadi. Bu Oʻzbekiston bank tizimidagi 1 005,8 trln soʻmlik aktivlarning qariyb 49,6 foizi degani.
Beshlikdagi Kapitalbank xususiy bank, qolgan toʻrttasida davlat ulushi mavjud. Biroq hukumatning amaldagi rejalariga koʻra, Oʻzmilliybank va Agrobankdagi davlat ulushini saqlab qolish koʻzda tutilgan.
Ayni paytda SQB’ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025–2026 yillarga, Asakabankniki esa 2026–2027 yillarga belgilangan.
Bundan tashqari, 2025 yil oxirida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Asakabank va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida bankni xususiylashtirish boʻyicha “Term Sheet” imzolangan. Unga koʻra, YeTTB 2026 yilda Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotib olishi koʻzda tutilgan.
Shu sabab, agar Lion Finance aynan aktivlar boʻyicha TOP-5 banklarni nazarda tutayotgan boʻlsa, ochiq maʼlumotlar nuqtai nazaridan SQB, Kapitalbank va Asakabank potensial doirada qoladi. Biroq bu banklardan biri bilan muzokara olib borilayotganini anglatmaydi.
Lion Finance avval ham yirik bank sotib olgan
Lion Finance Group 2025 yil fevraligacha Bank of Georgia Group nomi bilan faoliyat yuritgan. Kompaniya nomining oʻzgartirilishi guruhning Gruziyadan tashqariga kengayish strategiyasi bilan bogʻlangan.
2024 yilda guruh Armanistonning yetakchi banklaridan biri — Ameriabank’ni taxminan 303,6 mln dollarga sotib olish boʻyicha bitim tuzgan. Lion Finance oʻsha paytda Ameriabank’da Bank of Georgia’ning raqamli xizmatlar va toʻlovlar boʻyicha tajribasidan foydalanishni maqsad qilganini bildirgan edi.
2026 yil martda Lion Finance Group FTSE 100 indeksiga qoʻshildi. Oʻsha vaqtda kompaniyaning bozor kapitallashuvi 4,7 mlrd funtni tashkil qilgan.
Bloomberg maʼlumotiga koʻra, avgust oxiriga kelib guruhning bozor qiymati qariyb 5,8 mlrd funt yoki 7,9 mlrd dollarga yetgan. Soʻnggi besh yil ichida uning aksiyalari qariyb 740 foizga qimmatlashgan. Taqqoslash uchun, shu davrda Stoxx Europe 600 Banks indeksi 210 foizga oʻsgan.
Oʻzbekiston bank bozorida xorijiy investorlar koʻpaymoqda
Lion Finance Oʻzbekistonga kirsa, mamlakatda faoliyat yuritayotgan navbatdagi yirik xorijiy moliyaviy guruhga aylanadi.
Gruziyaning boshqa bir moliyaviy guruhi — TBC Bank Group Oʻzbekistonda TBC Bank Uzbekistan’ni rivojlantirmoqda. Vengriyaning OTP Group’i esa 2023 yilda Ipoteka-bankdagi nazorat paketini sotib olgan.
Yaqinda Ozarbayjon xalqaro banki — ABB ham Davr Bankning 51 foizlik nazorat paketini sotib olib, Oʻzbekiston bozoriga kirishini maʼlum qildi.









