“Avvallari byudjet taqchilligi yoʻqligining sababi — bizga hech kim kredit bermagan”, — Jamshid Qoʻchqorov
Jamshid Qoʻchqorov taʼkidlashicha, ilgari byudjetning profitsit bilan ijro etilgani hukumat moliyaviy intizomining samarasi emas, balki Oʻzbekistonga tashqi kreditlar berilmagani bilan bogʻliq boʻlgan. Unga koʻra, hozirgi makroiqtisodiy muhit sharoitida YaIMga nisbatan 3% atrofidagi taqchillik optimal hisoblanadi. 2026 yilda esa byudjet taqchilligi 59 trln soʻm miqdorida boʻlishi kutilmoqda.

3 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 2026 yil uchun davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi.
Loyihada 2026 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real oʻsish surʼati 6,6% atrofida boʻlishi, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YaIM 4686 dollarga yetishi kutilayotgani qayd etilgan. Tarmoqlar kesimida esa oʻsish surʼatlari sanoatda 6,4%, qishloq xoʻjaligida 4,2%, bozor xizmatlarida 14,5%, qurilish sohasida 10,2% miqdorida prognoz qilingan. Shu bilan birga, inflyatsiya koʻrsatkichlari pasayishi kutilmoqda.
2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,4 trln soʻm, xarajatlari esa 567 trln soʻm etib belgilangan. Byudjet taqchilligi YaIMga nisbatan 3% darajasida shakllanishi, tashqi qarzning belgilangan chegarasi esa joriy yilga nisbatan kamayib, 5 mlrd dollar miqdorida belgilanishi koʻzda tutilgan.
Bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov byudjet taqchilligi haqidagi fikrlarini bildirar ekan, uning nominal oʻsishi haqiqatda kuzatilayotganini, ammo bu real holatni toʻliq aks ettirmasligini taʼkidladi.
Masalan, 2023 yilda taqchillik YaIMga nisbatan 5%ni tashkil etgan boʻlsa, 2026 yilda 59 trln soʻm miqdordagi taqchillik 3%ga toʻgʻri kelmoqda. Yaʼni taqchillik ulush jihatidan sezilarli kamaymoqda.
Vazir taqchillik doim boʻlishi kerak yoki yoʻqligi haqida quyidagicha izoh bergan:
"Biz koʻp yillar byudjetni profitsit bilan bajarganmiz. U zoʻrmidi? Sohada uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan odam sifatida “yoʻq”, deb javob berishga majburman. Chunki oʻsha paytlar byudjet profitsit bilan bajarilganining sababi shuki, oʻsha byudjet taqchilligini moliyalashtirishga bizga hech kim kredit bermagan. Buni rasmiy aytishim mumkin. Hech kim qarz bermagan”.
Qoʻchqorovning aytishicha, buning asosiy sababi oʻsha yillardagi iqtisodiy islohotlar yoʻqligi, soʻmning erkin konvertatsiya qilinmasligi, soliq siyosati murakkabligi va umumiy iqtisodiy muhitning hozirgi darajada ochiq va ishonchli boʻlmaganidir. “Umuman, oxirgi 8 yilda nimalar qilingan boʻlsa, oʻsha narsalar yoʻq edi”, — dedi u.
Vazir katta taqchillikning yaxshi emasligini, bu borada Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasining ham bir xil fikrda ekanligini qayd etdi. Uning taʼkidiga koʻra, mamlakatlar amaliyotida ham, iqtisodiy nazariyada ham YaIMga nisbatan 3% atrofidagi taqchillik optimal hisoblanadi. Bu davlat qarzining moʻʼtadil oshishini taʼminlaydi, byudjet barqarorligini saqlaydi va hukumatning defolt holatiga tushib qolishiga yoʻl qoʻymaydi.
Qoʻchqorov byudjet taqchilligi oʻz vazifasini faqat iqtisodiy oʻsish sharoitida bajarishini ham taʼkidladi:
"Taqchillik qoʻshimcha pul olib, iqtisodiyotni ragʻbatlantirish degani. Fiskal ragʻbatlantirish. Agar biz qarz olsak-da, uni iqtisodiyotga chiqarsak va iqtisodiyot oʻsmasa — bu notoʻgʻri.
Xudoga shukr, biz har yili yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlariga erishyapmiz, bu yil 7%dan kam boʻlmaydi deyapmiz, lekin XVJ Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish 7,3% boʻladi, deb aytayapti."









