Avgust oyida koʻchmas mulk bozorida biroz pasayish kuzatildi
2025 yil avgustida mamlakat boʻyicha 25 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi qayd etildi. Bu koʻrsatkich iyul oyiga nisbatan 4,6% ga pasaygan boʻlsa-da, yillik hisobda 13% ga oʻsdi. Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish Sirdaryo (34%), Xorazm (29%) va Surxondaryo (27%) viloyatlarida kuzatilgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga koʻra, 2025 yil avgustida uy-joy savdolari iyul oyiga nisbatan biroz pasaydi, biroq yillik koʻrsatkichda bozor baribir qariyb 13% ga oʻsdi.
Hisobot davrida uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 25 mingtani tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 4,6% ga kamaydi. Shu bilan birga, oʻtgan yilning avgustiga nisbatan bitimlar soni 13% ga koʻpaydi.
Hududlar kesimida eng katta oʻsish Sirdaryo (34%), Xorazm (29%) va Surxondaryo (27%) viloyatlarida qayd etildi.

Toshkentda koʻchmas mulk bozori
Poytaxtda avgust oyida ikkilamchi uy-joy narxlari yillik hisobda 2,3% ga pasaydi. Aksincha, birlamchi uy-joy segmentida narxlar bir yil ichida moʻʼtadil ravishda 0,7% ga oʻsdi.
Oy yakunlariga koʻra, ikkilamchi bozorda narxlar 0,2% ga oshdi. Eng katta pasayish Mirzo Ulugʻbek (-6,3%), Yashnobod (-4,4%) va Chilonzor (-4,6%) tumanlarida kuzatildi.
Shu bilan birga, yangi qurilgan uy-joylar segmentida eng yuqori narx oʻsishi Mirobod (6,6%), Yakkasaroy (3,6%) va Olmazor (2,6%) tumanlarida qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Avgust oyida Toshkent shahrida ijara narxlari barqaror boʻlib qoldi. Oʻrtacha ijara qiymati bir kvadrat metr uchun $8 atrofida shakllandi.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxlari nisbatan yuqoriligicha qolmoqda — bu hududlarda bir kvadrat metr uchun oʻrtacha $10,3ni tashkil etadi.
Yillik hisobda poytaxtda ijara narxlari 1,8% ga pasaydi. Eng katta pasayish Uchtepa, Chilonzor va Bektemir tumanlarida qayd etilgan.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Oʻzbekiston boʻyicha ikkilamchi uy-joy narxlari avgust oyida moʻʼtadil oʻsishni davom ettirdi. Iyul oyida 1,7% ga oshganidan keyin, avgustda narxlar yana 1% ga koʻtarildi. Yillik hisobda esa ikkilamchi bozordagi narxlar 4% ga oʻsdi.
Hududlar kesimida eng yuqori yillik oʻsish Jizzax (14%), Surxondaryo (17%) va Sirdaryo (10%) viloyatlarida qayd etildi.