“Asakabank” boshqaruv raisi Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi
Kudratilla Tulyaganov Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi. U 2023 yil fevralidan buyon “Asakabank”ga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

“Asakabank” AJ boshqaruv raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Kudratilla Tulyaganov Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi.
Kudratilla Asatullaevich Tulyaganov 1982 yil 6-oktabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. U 2008 yilda Toshkent moliya institutining bakalavriat bosqichini, 2016 yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. Uning mutaxassisligi bank sohasida investitsiyalarni boshqarish hisoblanadi.
Tulyaganov bank-moliya tizimida 25 yillik ish tajribasiga ega mutaxassis sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U 2020–2023 yillar oraligʻida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (NBU) boshqaruvi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
2023 yil fevral oyidan buyon u “Asakabank” boshqaruv raisi sifatida bankka rahbarlik qilib kelayotgan edi. Endilikda u Olmazor tumani hokimi lavozimida faoliyatini davom ettiradi.









