11 806.970 so‘m

decrease

-18.430

13 430.430 so‘m

decrease

-52.890

139.860 so‘m

decrease

-0.480

11 806.970 so‘m

decrease

-18.430

8 soat avval
Iqtisodiyot
87

Arizasiz pensiya, oila aʼzosi uchun ish staji va elektron hamyon: Oʻzbekistonda pensiya tizimida oʻzgarishlar boʻladi

2027 yildan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi alohida murojaatsiz tayinlanadi, Pensiya jamgʻarmasi esa qogʻoz hujjatlarni qabul qilishni toʻxtatadi. Rasmiy daromadga ega fuqarolar ishlamaydigan oila aʼzolari uchun eng kam ish haqining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq toʻlab, ularga ish staji shakllantirishi mumkin boʻladi. Pensiya toʻlovlarini bank kartalari va mobil ilovalardagi elektron hamyonlarga oʻtkazish tizimi ham joriy etiladi.

Arizasiz pensiya, oila aʼzosi uchun ish staji va elektron hamyon: Oʻzbekistonda pensiya tizimida oʻzgarishlar boʻladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 sentabr kuni davlat pensiya taʼminotiga zamonaviy xizmatlarni joriy etishga oid PQ–355-son qarorni imzoladi.

Qarorga koʻra, 2027 yil 1 yanvardan rasmiy daromadga ega shaxslar ishlamaydigan oila aʼzolari nomidan ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq toʻlashi mumkin. Toʻlov miqdori har bir oila aʼzosi uchun oyiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 12 foizini tashkil etadi.

Natijada ishlamaydigan oila aʼzosi pensiya olish uchun zarur ish stajini shakllantirib borish imkoniga ega boʻladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlovchi shaxs oʻzini oʻzi band qilganlar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq toʻlasa, unga bir yillik ish staji avtomatik hisoblanadi.

2026 yil 1 noyabrdan korxona tugatilishi yoki ish hajmi qisqarishi sababli ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolarga umumiy pensiya yoshidan ikki yil oldin yoshga doir pensiya alohida murojaatsiz tayinlanadi. Fuqaro proaktiv shaklda tayinlangan pensiyani rad etish huquqiga ega boʻladi.

2027 yil 1 yanvardan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi ham arizasiz tayinlanadi. Oʻlim haqidagi maʼlumot qayd etilishi bilan tegishli axborot Pensiya jamgʻarmasiga avtomatik yuboriladi.

Bunda pensiya marhumning turmush oʻrtogʻi tirik boʻlsa, uning nomiga rasmiylashtiriladi. Turmush oʻrtogʻi ham vafot etgan boʻlsa, pensiya 18 yoshga toʻlgan farzand nomiga tayinlanadi.

Shu sanadan Pensiya jamgʻarmasi fuqarolardan qogʻoz shaklidagi hujjatlar va maʼlumotlarni qabul qilishni toʻxtatadi. Kerakli maʼlumotlar davlat organlarining axborot tizimlaridan elektron shaklda olinadi.

2027 yildan “Mening pensiyam” onlayn xizmati ham kengaytiriladi. Unda fuqarolar:

  • pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish stajini;
  • kunduzgi oliy taʼlim va harbiy xizmat davrlarini;
  • tayinlanishi mumkin boʻlgan pensiyaning taxminiy miqdorini koʻrishi;
  • ish haqi va staj maʼlumotlarini olish uchun davlat arxivlariga elektron soʻrov yuborishi mumkin boʻladi.

Pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolar ham tizim orqali oldindan xabardor qilinadi.

Bundan tashqari, 2027 yil 1 yanvardan pensiya toʻlovini naqd pul shakliga oʻtkazish, toʻxtatilgan toʻlovlarni tiklash, pensiyadan ushlab qolinayotgan mablagʻlar haqida maʼlumot olish va yashash manzili oʻzgarganda pensiya yigʻmajildini yangi manzil boʻyicha hisobga qoʻyish xizmatlari onlayn koʻrsatiladi.

2026 yil 1 noyabrdan pensionerlar uchun bank kartalarini Face-ID orqali ochish tartibi joriy etiladi. 2027 yil 1 apreldan esa pensiya va boshqa toʻlovlarni bank kartalari yoki tijorat banklarining mobil ilovalarida ochilgan pensiya elektron hamyonlariga oʻtkazish tizimi ishga tushiriladi.

Qaror bilan pensiya xizmatlarini 2027 yil 1 yanvargacha toʻliq interaktiv va proaktiv shaklga oʻtkazish belgilangan. 2027 yil oxirigacha “Pensiya-2” axborot tizimiga sunʼiy intellekt joriy etilib, u fuqarolarning staji va ish haqi maʼlumotlarini tahlil qilishi, taxminiy pensiya miqdorini hisoblab, uchta ssenariyni taklif etishi rejalashtirilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+