AQShda Fed asosiy stavkani pasaytirishi kutilmoqda
Agar bu qaror qabul qilinsa, oltin narxlari barqaror oʻsishi, Bitcoin esa yangi investitsiya oqimi hisobiga yanada qimmatlashishi mumkin.

AQSh Federal zaxira tizimi(Fed) raisi Jerom Pauell Jekson-Xouldagi yillik yigʻilishda asosiy foiz tez orada pasayishi mumkinligini aytdi. Bu haqda CNBC xabar berdi.
Bu dekabrdan buyon ilk marta stavka tushirilishi ehtimoli boʻlib, bozorga Fed’ning yumshoqroq siyosat yuritishi mumkinligini koʻrsatdi.
Pauellning soʻzlariga koʻra, mehnat bozori hozircha barqaror, ammo bandlik oʻsishi sekinlashmoqda va iqtisodiy xavflar kuchaymoqda. Shu bilan birga, tariflar (bojlar) inflyatsiyani qayta koʻtarish xavfini tugʻdirib, stagflyatsiya ssenariysiga olib kelishi mumkin. U “noaniqlik yuqori” boʻlgani uchun Fed ehtiyotkorlik bilan qaror qabul qilishini taʼkidladi.
Nutqida u Fed mustaqilligini alohida urgʻulab:
“Qarorlarimiz faqat maʼlumotlar va iqtisodiy xatarlar tahliliga asoslanadi, siyosiy bosimga emas”, —dedi.
Bu gap Trampning Fed’ni stavkalarni tezroq pasaytirishga daʼvat qilgan tanqidlariga javob sifatida talqin qilindi.
Pauellning chiqishi bozorlarni keskin jonlantirdi: Dow Jones 600–800 punktga oshdi, S&P 500 1,7 foizga, Nasdaq esa 2,1 foizga koʻtarilib, may oyidan beri eng katta kunlik oʻsishni qayd etdi.
Shuningdek, Pauell Fed siyosatining 5 yillik koʻrib chiqilishi haqida ham gapirdi. U 2020 yilda pandemiya davrida qabul qilingan “oʻrtacha inflyatsiyani nishonga olish” strategiyasi kutilganidek ishlamaganini, yuqori inflyatsiya eng zaif qatlamlarga jiddiy zarar keltirganini tan oldi. Shu sababli, Fed yana 2 foiz inflyatsiya maqsadiga qatʼiy sodiqligini bildirdi.