AQShda ChatGPT maslahatlari tufayli oʻsmir oʻz joniga qasd qildi degan ayblov bilan OpenAI sudga berildi
San-Fransisko sudida roʻyxatga olingan daʼvoda Kaliforniyalik ota-ona OpenAI va Sem Altmanni farzandining oʻlimida ayblamoqda. Ularning iddaosiga koʻra, ChatGPT xavfli maslahatlar berib, 16 yoshli oʻsmirning ahvolini yanada ogʻirlashtirgan.

Kaliforniyada 16 yoshli Adam Reynning oʻlimi yuzasidan ota-onasi OpenAI va kompaniya rahbari Sem Altman ustidan sudga daʼvo kiritdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Daʼvoda taʼkidlanishicha, ChatGPT uzoq davom etgan muloqotlarda xavfli maslahatlar bergan va bu oʻsmirning ruhiy holatini yanada ogʻirlashtirgan. Ish 26 avgust kuni San-Fransisko shtat sudida roʻyxatga olingan. Daʼvogarlarga koʻra, vaqt oʻtishi bilan ChatGPT xavfsizlik cheklovlarini aylanib oʻtuvchi javoblar qaytarishni boshlagan.
OpenAI oʻz bayonotida, baʼzi hollarda uzun suhbatlarda himoya mexanizmlari susayishi mumkinligini tan oldi va bu borada yangilanishlar ustida ishlayotganini maʼlum qildi. Kompaniya hodisadan chuqur afsusda ekanini bildirib, ChatGPT xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishini qoʻshimcha qildi.
Xususan, quyidagi oʻzgarishlar rejalashtirilmoqda:
- uzoq suhbatlarda xavfsizlik himoyalarini mustahkamlash;
- ruhiy tanglik belgilarini erta aniqlash va xavfni kamaytirish;
- favqulodda xizmatlarga tezkor ulanish imkonini yaratish;
- foydalanuvchilarni sertifikatlangan mutaxassislarga ulash imkoniyatini joriy etish;
- oʻsmirlar uchun ota-onalar nazoratini kuchaytirish.
Mutaxassislar fikricha, mazkur sud jarayoni generativ sunʼiy intellektning nozik vaziyatlardagi javobgarligini aniqlash boʻyicha muhim huquqiy tajriba boʻlishi mumkin.
OpenAI esa chat-botlardan professional psixologik yordam oʻrnida emas, balki xavfsiz yoʻnaltiruvchi vosita sifatida foydalanish kerakligini taʼkidlamoqda.