Apple yangi iPhone 17 modellarini taqdim etdi
Liniya tarkibiga iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max hamda ultra ingichka iPhone Air kiradi.
Yangi modellarning asosiy xususiyatlari, imkoniyatlari va narxlari haqida batafsil:

Apple 9 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da oʻzining navbatdagi flagman smartfonlarini — iPhone 17 liniyasini rasman namoyish etdi. Yangi qator tarkibiga iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max hamda mutlaqo yangi model — iPhone Air kiritildi.
iPhone 17
Asosiy model iPhone 17 endi kattaroq 6,3 dyuymli ProMotion displey bilan taqdim etildi. U adaptiv tarzda 120 Hz gacha yangilanadi, Always-on rejimida esa chastota 1 Hz gacha tushib, qulf ekranida jonli faoliyatlar va vidjetlarni koʻrsatishda davom etadi.
Displey Ceramic Shield 2 bilan himoyalangan boʻlib, avvalgi avlodga nisbatan tirnalishga qarshi 3 baravar mustahkam. Yorugʻlikka qarshi 7 qatlamli texnologiya esa kuchli yoritilgan sharoitlarda ham ekran oʻqilishini yengillashtiradi.
Qurilma yangi A19 chipi asosida ishlaydi. Unda 6 yadroli CPU (2 ta unumdor va 4 ta energiya tejamkor yadro) hamda 5 yadroli GPU mavjud. Batareya ishlash muddati ham yaxshilangan: iPhone 17 avvalgi avlodga nisbatan 8 soat koʻproq video ijroni taʼminlaydi. Atigi 10 daqiqa quvvatlash 8 soatlik video tomosha qilish imkonini beradi.

Smartfon Lavanda, Tumanli Moviy, Qora, Oq va Sage ranglarida taqdim etilib, 256 GB xotiradan boshlanadi.
iPhone 17 Pro va iPhone 17 Pro Max
Apple yangi iPhone 17 Pro va iPhone 17 Pro Max'ni taqdim etdi. Endi bu qurilmalar alyuminiy korpusga ega boʻlib, old va orqa tomonlari ham Ceramic Shield bilan himoyalangan. Old qismi — Ceramic Shield 2, u tirnalishga qarshi uch baravar chidamli, orqa tomoni esa avvalgi shishaga nisbatan toʻrt baravar mustahkam.
Orqa paneldagi kattaroq platformada uchta 48 MP kamera joylashgan, antennalar esa uning atrofini oʻrab turadi. Telephoto kamerasi endi 8x optik zoomni qoʻllab-quvvatlaydi (oldingi 5x oʻrniga). Old tomonda esa 18 MP Center Stage kamerasi bor.

Kamera tizimi 100 mm'da 4x, 200 mm'da 8x optik zoom'ni taqdim etadi hamda ProRes RAW, Apple Log 2 va bir nechta kamerada sinxron video yozishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Yangi modellar A19 Pro chipi bilan ishlaydi. Unda 6 yadroli CPU va 6 yadroli GPU mavjud boʻlib, iPhone 16 Proʻdan 40% tezroq ishlashni taʼminlaydi. Qurilmalar kattaroq batareyaga, samaraliroq sovutish tizimiga ega va yangi N1 chip tufayli Wi-Fi 7, Bluetooth 6 va Thread bilan ishlaydi.
Apple maʼlumotiga koʻra, iPhone 17 Pro Max barcha iPhone'lar ichida eng uzoq batareya ishlash muddatiga ega — bitta quvvatlashda 39 soatgacha video tomosha qilish mumkin.
iPhone Air
Apple ilk bor taqdim etgan iPhone Air modeli kompaniya tomonidan “imkonsiz darajada yupqa” deb taʼriflanmoqda. Qurilma atigi 5,6 mm qalinlikka ega boʻlib, 6,5 dyuymli ProMotion displey bilan jihozlangan.

iPhone Air birinchi marta old va orqa tomonida birday Ceramic Shield 2 bilan qoplangan boʻlib, Apple uni “eng mustahkam iPhone” deb eʼlon qildi.

Qurilma dizayni ham oʻziga xos: orqa panelda toʻliq kenglik boʻylab choʻzilgan platformada asosiy kamera, old kamera, dinamik va Apple Silicon joylashgan.
Kamera imkoniyatlari ham sezilarli darajada yangilangan:
- 48 MP Fusion kamera (1x va 2x rejimlarda suratga olish mumkin),
- 18 MP Center Stage old kamera (kadrni avtomatik kengaytiradi va aylantiradi),
- telefonni burmasdan landshaft rejimida selfi olish imkoniyati,
- dual-capture video funksiyasi (old va orqa kameralarni birgalikda ishlatadi).

iPhone Air shuningdek yangi C1X modem va maxsus ishlab chiqilgan N1 chipi bilan jihozlangan boʻlib, unda Wi-Fi 7, Bluetooth va Thread texnologiyalari birlashtirilgan. Qurilma faqat eSIM bilan ishlaydi.
Yangi model Space Black, Cloud White, Light Gold va Sky Blue ranglarida taqdim etildi.
Narxlar (AQSh boʻyicha)
- iPhone 17 — $799
- iPhone Air — $999
- iPhone 17 Pro — $1 099
- iPhone 17 Pro Max — $1 199
Barcha modellar uchun boshlangʻich xotira hajmi 256 GB etib belgilangan. Pro modellarda esa maksimal xotira hajmi 2 TB ga yetgan.
Oldindan buyurtmalar 12-sentabr, juma kuni ochiladi. Xaridorlarga yetkazib berish va doʻkonlarda savdo 19-sentabr, juma kuni boshlanadi.