Apple iPhone’larga ChatGPT’ni integratsiya qildi
Siri endilikda soʻrovlarga javob berishda ChatGPT dan foydalanadi.
Apple kompaniyasi sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida ChatGPT chatbotini oʻz qurilmalariga integratsiya qilishni boshladi, deya xabar berdi Reuters. Ushbu yangilik kompaniyaning soʻnggi iPhone modellari savdosini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bu yangilik iPhone, iPad va Mac qurilmalari uchun operatsion tizimlarning soʻnggi yangilanishlari doirasida joriy qilinayotgan keng qamrovli sunʼiy intellekt xususiyatlarining bir qismidir.
Asosiy oʻzgarishlar
Iyunda eʼlon qilingan Apple Intelligence funksiyalari doirasida,endilikda Siri ovozli yordamchisi soʻrovlarga javob berishda ChatGPT imkoniyatlaridan foydalanadi. Yangilanish Siri’ga fotosuratlar va hujjatlarni (masalan, taqdimotlar) tahlil qilish va ularga oid savollarga javob berish kabi funksiyalarni qoʻshadi. Ovozli yordamchining mazkur funksiyalar hozircha faqat ingliz tilida mavjud
Foydalanuvchilar, shuningdek, Yangi Writing Tools funksiyasi orqali ChatGPT’dan ilovalarda matn yozishda foydalanishi va ChatGPT yordamida tasvirlar yaratishi hamda ularni loyihalarga qoʻshishi mumkin.
Kimlar uchun mavjud?
Yangi sunʼiy intellekt xususiyatlari quyidagi qurilmalarda mavjud boʻladi:
- iPhone: iPhone 16 hamda iPhone 15 Pro va Pro Max modellari
- iPad: A17 Pro yoki M1 chipga ega modellar va undan keyingilar
- Mac: M1 chipli kompyuterlar va undan keyingilar
Ushbu AI xususiyatlari Apple uchun yilning eng daromadli davri – bayram mavsumida ishga tushirilmoqda. Shunga qaramay, Apple Intelligence funksiyalarining boshqa mintaqalarda asta-sekin joriy etilishi iPhone 16 liniyasi savdo natijalariga taʼsir oʻtkazishi mumkin.