Apple 599 dollarlik MacBook Neo noutbukini taqdim etdi
Apple yangi byudjet toifasidagi MacBook Neo noutbukini taqdim etdi.
Qurilma A18 Pro chipi, 13 dyuymli Liquid Retina displey, 8 GB operativ xotira va 256 GB SSD bilan jihozlangan boʻlib, boshlangʻich narxi $599 etib belgilandi.
Bu M5 chipli MacBook Airʼga ($1 099) nisbatan 500 dollarga ancha arzon.

Kecha Apple byudjet toifa uchun moʻljallangan yangi va arzon MacBook Neo noutbukini eʼlon qildi.
Endilikda Apple noutbukiga ega boʻlish uchun $1,099 turadigan MacBook Air modelini sotib olish shart emas. Yangi MacBook Neo narxi $599 (£599) dan boshlanadi, taʼlim uchun beriladigan Apple chegirmasi bilan esa $499 ga tushadi.
Chromebook va arzon Windows noutbuklariga raqobatchi sifatida ishlab chiqilgan MacBook Neo Apple’ning odatiy M-seriyali chiplariga asoslanmagan. Apple’ning yangi MacBook Air va MacBook Pro modellari M-seriyali chiplardan foydalansa, MacBook Neo 2024 yilda taqdim etilgan iPhone 16 Pro dagi A18 Pro chipi bilan ishlaydi.

Ushbu chip 6 yadroli CPU (2 ta yuqori unumdorlik yadrosi va 4 ta energiya tejamkor yadro) hamda 5 yadroli GPU’ga ega. Taqqoslash uchun, yangi MacBook Air dagi M5 chipi 10 yadroli CPU (4 ta yuqori unumdorlik yadrosi va 6 ta energiya tejamkor yadro) hamda 8 yoki 10 yadroli GPU bilan jihozlangan.
Narxni pastroq saqlash maqsadida MacBook Neo’ga 13 dyuymli displey oʻrnatilgan. Bu eng kichik MacBook Air’dagi 13,6 dyuymli ekrandan biroz kichikroq. Avvalgi mish-mishlarda Apple’ning byudjet MacBook modeli 12 dyuymli ekran bilan chiqishi aytilgan edi. Qurilma Liquid Retina displey bilan jihozlangan boʻlib, 2408×1506 piksel aniqlikka ega. Displey yorqinligi 500 nit boʻlib, ochiq havoda ham foydalanish imkonini beradi.

Boshlangʻich MacBook Neo modeli 8 GB operativ xotira va 256 GB SSD bilan taqdim etiladi. Bu MacBook Air boshlangʻich modelidagi xotira va saqlash hajmidan ikki baravar kam.
Operativ xotirani yangilash imkoniyati yoʻq, ammo saqlash hajmini 512 GB ga oshirish mumkin. Bu $100 qoʻshimcha narxga tushadi va shu bilan birga klaviaturaga Touch ID funksiyasi qoʻshiladi. Neo modelida mavjud yangilanish imkoniyati shu bilan cheklanadi.

MacBook Neo bir nechta ranglarda taqdim etiladi: blush (pushti), citrus (sariq), indigo (toʻq koʻk) va kumush. Ranglar nisbatan sokin koʻrinishda.
Portlar ham minimal darajada. MacBook Air dagi tezkor Thunderbolt 4 portlari oʻrniga Neo modelida ikki dona USB-C port mavjud: biri 10 Gbps tezlikdagi USB 3, ikkinchisi 480 Mbps tezlikdagi USB 2. Shuningdek, quloqchin uchun audio port ham mavjud.

Klaviatura orqa yoritishsiz ishlab chiqilgan.
MacBook Neo uchun oldindan buyurtma berish allaqachon boshlangan. Qurilma 11 martdan boshlab yetkazib berila boshlaydi.









