Anadolu Isuzu SamAuto’ning 75,2% ulushini $80 mlnga sotib oldi
Turkiyaning Anadolu Group tarkibidagi Anadolu Isuzu “Samarqand avtomobil zavodi”dagi davlat ulushini $80 millionga xarid qildi. Kompaniya loyihaning texnik-iqtisodiy baholashiga asosan korxonani kengaytirish va elektrobuslar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha $80 million investitsiya kiritadi.

Turkiyaning Anadolu Group tarkibiga kiruvchi Anadolu Isuzu avtomobil guruhi “Samarqand avtomobil zavodi” (SamAuto) ustav kapitalidagi davlat ulushini $80 million dollarga sotib oldi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Agentlikka koʻra, investor SamAuto’ni rivojlantirish uchun loyihaning texnik-iqtisodiy baholash natijalari asosida yana $80 million qoʻshimcha investitsiya kiritadi.
Bitimni yakunlash uchun Anadolu Isuzu Turkiyaning tegishli nazorat organlaridan barcha zarur ruxsatnomalarni olgan. 19 noyabr kuni SamAuto ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini sotib olish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.
9 dekabrda Xususiylashtirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobiga $80 million tushgan, 10 dekabrda esa ushbu jamgʻarmadan respublika byudjetiga 1 trillion soʻm oʻtkazilgan.
Shuningdek, investor oʻz zimmasidagi investitsion majburiyatlarni amalga oshirish doirasida alohida investitsiya bitimini ham imzolaydi.
Avgust oyida Anadolu Isuzu SamAuto’ning 75,2 foiz ulushini $80 million evaziga sotib olishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilingandi. Kompaniya taklifida qoʻshimcha $80 millionlik investitsiya rejasi ham boʻlgan.
Investitsiya majburiyatlariga koʻra, Oʻzbekistonda katta sigʻimli (12–18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat boʻylab litsenziyalangan servis markazlari tashkil etish hamda mahsulotlarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga eksport qilish koʻzda tutilgan. Bu tashabbus Oʻzbekistonning mintaqaviy transport xabi sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashi kutilmoqda.
Davaktiv taʼkidlashicha, investorning narx taklifi KPMG moliyaviy maslahatchisi tomonidan belgilangan sotuv bahosi diapazoniga mos keladi va xalqaro baholovchi PwC tomonidan tasdiqlangan qiymat bilan mos keladi.









