Alif fintex kompaniyasi Oʻzbekistonda bank litsenziyasini olishga tayyorlanmoqda
“Yevroosiyo banki”ning litsenziyasi Markaziy bank tomonidan chaqirib olingach Oʻzbekistonda jami banklar soni 35 taga tushgan edi.

Alif Uzbekistan fintex kompaniyasi mamlakatda bank litsenziyasini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Pik Skartarisa kanali xabar berdi.
Buyuk Britaniyada roʻyxatdan oʻtgan Alif Capital Holdings Limited direktorlar kengashi Oʻzbekistonda bank tuzish tashabbusini maʼqullagan. Kompaniya yaqin kunlarda Markaziy bankka litsenziya olish uchun barcha zarur hujjatlarni taqdim etishni moʻljallamoqda.
Alif Uzbekistan oʻzining rasmiy Telegram-kanalida keng koʻlamli investitsiyalar jalb qilinayotgani, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda bank tashkil etishga intilayotganini maʼlum qildi.
Alif kompaniyasi 2014 yilda Tojikistonda tashkil etilgan. 2019 yildan boshlab esa Oʻzbekiston bozoriga ilk loyihasi — Alif Shop internet-marketpleysi orqali kirib keldi. Bir yil oʻtib, “Aloqabank” bilan hamkorlikda alif.mobi toʻlov xizmati va elektron pul tizimini ishga tushirdi.
Soʻnggi ikki yarim yil ichida Oʻzbekistonda birorta ham yangi bank tashkil etilmadi. Oxirgi marotaba bank litsenziyasini olgan “Yevroosiyo banki”ning ruxsatnomasi esa 27 avgust kuni Markaziy bank tomonidan chaqirib olindi. Natijada mamlakatdagi faol banklar soni 35 taga tushdi.