11 986.560 so‘m

increase

26.470

13 691.650 so‘m

increase

21.270

152.090 so‘m

decrease

-0.440

11 986.560 so‘m

increase

26.470

1 soat avval
Iqtisodiyot
54

Aholiga gaz yetkazib berish uchun subsidiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Oʻzbekistonda aholiga tabiiy gazni past narxlarda yetkazib berish natijasida korxonalarga ajratiladigan byudjet subsidiyalari keskin qisqartiriladi. 

2023 yilda ushbu maqsad uchun 18 trln soʻm sarflangan boʻlsa, 2029 yilga borib xarajatlarni 1,3 trln soʻmgacha kamaytirish rejalashtirilgan. 

Subsidiyalar tarif islohotlari orqali kamaytirilishi rejalashtirilgani sababli, bu tabiiy gaz narxlarining bosqichma-bosqich oshirilishiga olib kelishi mumkin.

Aholiga gaz yetkazib berish uchun subsidiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Foto: AI/Pinkod.uz

Bu haqda 2027–2029 yillarga moʻljallangan Fiskal strategiyada nazarda tutilgan.

Gap aholiga bevosita toʻlanadigan subsidiya haqida emas. Davlat tabiiy gazni aholiga uning iqtisodiy qiymatidan past tariflarda yetkazib berish natijasida taʼminotchi korxonalarda yuzaga kelgan zararni byudjet hisobidan qoplab kelmoqda.

Strategiyada qayd etilishicha, 2024 yilda boshlangan energetika tariflari islohoti natijasida bu yoʻnalishdagi byudjet xarajatlari sezilarli qisqargan. Xususan, 2023 yilda gaz korxonalarining zararlarini qoplashga 18 trln soʻm ajratilgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 7 trln soʻmni, 2026 yilda esa 5,9 trln soʻmni tashkil etgan.

Kelgusi uch yil uchun quyidagi miqdorlar belgilangan:

  • 2027 yilda — 5 trln soʻm;
  • 2028 yilda — 4 trln soʻm;
  • 2029 yilda — 1,3 trln soʻm.

Shu tariqa, 2023–2029 yillarda aholiga past narxda yetkazilgan gaz uchun byudjetdan ajratiladigan kompensatsiya qariyb 16,7 trln soʻmga yoki 93 foizga kamayadi.

Shu bilan birga, tabiiy gaz uchun subsidiyalar qisqartirilayotgan bir paytda, issiqlik taʼminoti korxonalarining aholiga past tariflarda xizmat koʻrsatishdan koʻrgan zararini qoplash xarajatlari oshib boradi. 

Bu maqsadga ajratiladigan mablagʻ 2025 yildagi 3,5 trln soʻmdan 2029 yilda 4,3 trln soʻmga yetkaziladi: 

  • 2025 yilda — 3,5 trln soʻm;
  • 2026 yilda — 3,8 trln soʻm;
  • 2027 yilda — 3,8 trln soʻm;
  • 2028 yilda — 4 trln soʻm;
  • 2029 yilda — 4,3 trln soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

Natijada gaz va issiqlik taʼminoti boʻyicha jami kompensatsiyalar 2026 yildagi 9,7 trln soʻmdan 2029 yilda 5,6 trln soʻmgacha kamayadi.

Hukumat yoqilgʻi-energetika sohasidagi tarif islohotlarini bozor mexanizmlari asosida davom ettirish orqali mazkur subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu umumiy past tariflar hisobiga barcha isteʼmolchilarni birdek subsidiyalashdan ehtiyojmand oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash tizimiga oʻtishni anglatadi.

Biroq Fiskal strategiyada gaz tariflari keyingi yillarda qancha oshirilishi yoki byudjet subsidiyasi aynan qachon toʻliq bekor qilinishi koʻrsatilmagan. Hujjatdagi prognozga koʻra, 2029 yilda ham ushbu maqsad uchun 1,3 trln soʻm saqlab qolinadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+