Aholi banklarga sotgan valyutasi xarid qilganidan qariyb ikki baravar koʻp boʻldi
2026 yilning yanvar–may oylarida Oʻzbekistonda chet el valyutasiga talab 25,7 mlrd dollarga yetdi. Biroq valyuta taklifi talabdan tezroq oʻsdi, aholi esa banklarga xarid qilganidan qariyb 4,7 mlrd dollar koʻproq valyuta sotdi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki besh oyida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga boʻlgan jami talabi 25,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 20,1 foizga koʻp.
Shu davrda ichki bozordagi valyuta taklifi esa 28,6 foizga oshib, 22,3 mlrd dollarga yetdi. Yaʼni taklif talabga qaraganda tezroq oʻsgan.
Natijada talab va taklif oʻrtasidagi farq 3,36 mlrd dollarni tashkil etdi. Bir yil avval bu tafovut 4,02 mlrd dollar boʻlgan. Shu tariqa, bozordagi valyuta tanqisligi bir yilda qariyb 16,5 foizga qisqargan.
Aholi valyutaning sof sotuvchisi boʻldi
Eng eʼtiborli koʻrsatkichlardan biri aholi banklarga sotgan valyuta miqdori xarid qilganidan ancha koʻp boʻlganidir.
Yanvar–may oylarida jismoniy shaxslar banklardan 5,5 mlrd dollar xarid qilgan, tijorat banklariga esa 10,2 mlrd dollar sotgan. Demak, aholi sotgan valyuta xarid qilganidan qariyb 1,9 baravar koʻp boʻlgan.
Aholining valyuta sotish va xarid qilish operatsiyalari oʻrtasidagi farq 4,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu aholi ichki valyuta bozorida sof valyuta yetkazib beruvchi boʻlib qolayotganini anglatadi.
Bir yil ichida aholining banklarga sotgan valyutasi 7,4 mlrd dollardan 10,2 mlrd dollarga, yaʼni qariyb 39 foizga oshgan. Aholining valyuta xaridi esa 4,3 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollarga koʻpaygan.
Korxonalar 8 mlrd dollardan ortiq sof valyuta xarid qildi
Yuridik shaxslar esa, aksincha, valyutaning asosiy xaridorlari boʻlib qolmoqda.
Korxonalar besh oyda 20,2 mlrd dollar xarid qilgan va 12,1 mlrd dollar sotgan. Natijada yuridik shaxslarning sof valyuta talabi qariyb 8,1 mlrd dollarni tashkil etdi.
Umumiy hisobda aholining 4,7 mlrd dollarlik sof valyuta taklifi korxonalarning valyutaga boʻlgan talabining katta qismini qoplagan.
Kurs yil boshidagi darajasida qoldi, ammo tebranish kuchaydi
Yanvar–may oylarida dollar kursi 11 938 soʻmdan 12 320 soʻmgacha boʻlgan diapazonda oʻzgardi. Davr yakunida kurs yil boshidagi darajasiga nisbatan deyarli oʻzgarishsiz qolgan.
Shunga qaramay, kursning oʻrtacha ikki tomonlama tebranuvchanligi 30 soʻm yoki 0,25 foizni tashkil etdi. 2025 yilning mos davrida bu koʻrsatkich 17,3 soʻm yoki 0,13 foiz boʻlgan.
Demak, dollar kursi besh oy yakunida deyarli oʻzgarmagan boʻlsa-da, uning kunlik tebranishlari bir yil ichida qariyb ikki baravar kuchaygan.









