9 oyda Oʻzbekiston banklari kredit portfeli 49 trln soʻmga oshdi
2025 yilning 9 oyi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston bank tizimining jami kredit portfeli 582,2 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu yil boshiga nisbatan 49,1 trillion soʻmga koʻpdir. Shu bilan birga, muammoli kreditlarning umumiy kreditlardagi ulushi 4 foizdan 3,7 foizgacha kamaydi.

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston bank tizimining jami kredit portfeli 582,2 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu yil boshiga nisbatan 49,1 trillion soʻmga koʻpdir.
Kredit portfelining oʻsishi davlat ulushi mavjud banklarda 28,2 trillion soʻmni, xususiy banklarda esa 20,9 trillion soʻmni tashkil etdi.
Jami banklardagi muammoli kreditlar hajmi 21,3 trillion soʻm atrofida boʻlib, deyarli oʻzgarishsiz qoldi. Shu bilan birga, muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi 4 foizdan 3,7 foizgacha qisqardi.

Yil boshiga nisbatan kredit portfeli faqat Oʻzmilliybankda kamaydi — 3,2 trillion soʻmga. Boshqa barcha davlat banklarida oʻsish kuzatildi. Xususan, Agrobank portfeli 17,6 trillion soʻmga oshib, 77 trillion soʻmdan ortdi va mamlakatda ikkinchi eng katta kredit portfeliga ega bankka aylandi. Shuningdek, Aloqabank (+4,0 trln soʻm) va Mikrokreditbank (+2,6 trln soʻm) koʻrsatkichlari ham sezilarli oʻsdi.
Xususiy banklar orasida esa eng katta pasayish Tenge Bankda qayd etildi — portfel 429 milliard soʻmga kamayib, 3,8 trillion soʻmni tashkil etdi. Shuningdek, Ipoteka Bank (-113 mlrd soʻm), Asia Alliance Bank (-119,2 mlrd soʻm) va Uzum Bank (-63,8 mlrd soʻm)da ham kredit qoldigʻi qisqargan.

Shu bilan birga, TBC Bank (+3,4 trln soʻm), Kapitalbank va Hamkorbank (+3,1 trln soʻmdan), Hayot Bank (+2,3 trln soʻm) hamda Anorbank (+2,2 trln soʻm) faol oʻsish qayd etgan xususiy banklar boʻldi.
Muammoli kreditlar kesimida Ipoteka Bank (-1,4 trln soʻm), Biznesni rivojlantirish banki (-504,2 mlrd soʻm), Agrobank (-315,2 mlrd soʻm) va Xalq banki (-117 mlrd soʻm) muammoli qarzlarni kamaytirishga erishgan.
Aksincha, Oʻzsanoatqurilishbank (+443 mlrd soʻm), TBC Bank (+328 mlrd soʻm), Anorbank (+228 mlrd soʻm), Oʻzmilliybank (+217 mlrd soʻm) va Davr Bank (+216 mlrd soʻm)da muammoli kreditlar hajmi oshgan.









