7 oy ichida Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi $44 mlrddan oshdi
Ushbu davrda eksport hajmi oltin hisobiga sezilarli darajada oʻsib, $20,1 mlrdga yetdi. Import hajmi esa $24,3 mlrdga yetib, 2024 yilga nisbatan 9,9 foizga koʻpaydi.

2025 yil yanvar–iyul oylarida Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 44,4 milliard AQSh dollariga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlarida qayd etilgan.
Ushbu koʻrsatkich 2024 yilning ayni davriga nisbatan $7,4 mlrdga yoki 19,9 foizga koʻproq. Shuningdek, hisobot davrida Oʻzbekiston tashqi savdo balansida $4,1 mlrdlik manfiy saldo shakllandi.
Eksport
Davr mobaynida eksport hajmi $20,1 mlrdni tashkil qildi va oʻtgan yilga nisbatan 34,9 foizga oshdi. Eksport tarkibida asosiy ulushni nomonetar oltin egallab, $7,6 mlrd bilan umumiy eksportning qariyb 38 foizini tashkil etdi.
Tovarlar eksporti ulushi 75,9 foiz boʻlib, uning tarkibida:
- sanoat tovarlari — 11,1 %,
- oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar — 7,5 %,
- kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar — 5,8 %,
- mineral yoqilgʻi, moylash materiallari va shunga oʻxshash mahsulotlar — 4,4 % ni tashkil etdi.
Import
2025 yilning yanvar–iyul oylarida import hajmi $24,3 mlrdga yetib, 2024 yilga nisbatan 9,9 foizga koʻpaydi. Import tarkibida eng katta ulushni quyidagi yoʻnalishlar egalladi:
- mashinalar va transport asbob-uskunalari — 33,3 %,
- sanoat tovarlari — 16,0 %,
- kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar — 12,8 %.

Tovarlar importi hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan $1,6 mlrdga oshib, $21,8 mlrdni tashkil qildi. Xizmatlar importi esa $2,5 mlrdga yetdi.
Hamkor mamlakatlar
Tashqi savdoda Oʻzbekistonning eng yirik hamkori sifatida Xitoy yetakchilik qildi. 7 oy davomida Xitoy bilan savdo aylanmasi 8,1 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan $1,2 mlrdga koʻpaydi. Keyingi oʻrinlarda esa, Rossiya $7,2 mlrd va Qozogʻiston $2,6 mlrd bilan qayd etildi.