6 nafar top-bloger 2025 yilda 110,4 mln soʻm soliq toʻlagan — Soliq qoʻmitasi
Soliq qoʻmitasi 110 nafar faol blogerning daromadi va soliq toʻlovlarini oʻrgandi. Maʼlumotlarga koʻra, ularning faqat 66 nafari soliq toʻlagan. Shuningdek, 3 mlndan ortiq obunachiga ega 6 nafar top-bloger 2025 yilda 2,7 mlrd soʻm daromad koʻrsatib, byudjetga 110,4 mln soʻm soliq toʻlagan.

Soliq qoʻmitasi blogerlar faoliyatida huquqiy maqom va amaldagi ish koʻlami oʻrtasida nomutanosibliklar borligini maʼlum qildi.
Qoʻmitada blogerlar ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda sohada eng faol boʻlgan 110 nafar bloger roʻyxati shakllantirilgani maʼlum qilindi. Ularning 55 nafari oʻzini oʻzi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 22 nafari esa jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Qoʻmita xabarida qayd etilishicha, bu holat blogerlarning faoliyat koʻlami bilan ularning huquqiy maqomi oʻrtasida nomutanosiblik mavjudligini koʻrsatadi.
Shuningdek, 3 mlndan ortiq obunachiga ega 6 nafar top-bloger faoliyati alohida tahlil qilingan. Maʼlumotlarga koʻra, ular 2025 yil davomida jami 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgan. Rasmiy hisobotlarda ushbu blogerlarning umumiy daromadi 2,7 mlrd soʻmni tashkil etgani, byudjetga esa 110,4 mln soʻm soliq toʻlangani koʻrsatilgan.
Uchrashuvda blogerlik faoliyatidan, xususan, reklama joylashtirishdan olinadigan daromadlarni soliqqa tortish tartibi tushuntirildi. Shu bilan birga, oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi eslatildi. Amalda esa ayrim blogerlar administrator, yordamchi va boshqa mutaxassislarni jalb qilayotgani qayd etilgan.
Soliq qoʻmitasi blogerlar orasida huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan oʻquv tadbirlarini tashkil etishni ham taklif qildi. Qoʻmita vakillari blogerlar faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish va daromadlar shaffofligini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.
Avvalroq Soliq qoʻmitasi Oʻzbekistonda blogerlar faoliyatini soliqqa tortish boʻyicha yangi amaliyotlarni joriy etishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Qoʻmitaning tegishli boshqarmasi bosh davlat soliq inspektori Kamola Axmedjanova “Sputnik Oʻzbekiston”ga bergan intervyusida oʻrganishlar natijasida mamlakatda 2 mingdan ortiq bloger faoliyat yuritayotgani aniqlanganini maʼlum qilgan.
Elektron hisob-fakturalar tahliliga koʻra, oʻrganilgan 110 nafar blogerning faqat 66 nafari soliq toʻlovlarini amalga oshirgan. Qayd etilishicha, shaxs bloger sifatida tan olinishi uchun kamida 10 ming nafar obunachiga ega boʻlishi kerak. Bu borada Rossiya tajribasi ham oʻrganilgan.









