32 yoshga kirgan soʻm: Oʻzbekiston milliy valyutasining tarixi
Bugun, 1 iyul kuni Oʻzbekiston milliy valyutasi — soʻm muomalaga kiritilganiga 32 yil toʻldi.
1994 yilda 1000 soʻm-kupon bir soʻmga almashtirilgan boʻlsa, keyingi yillarda banknotlarning eng yirik nominali 100 soʻmdan 200 ming soʻmgacha yetdi.
Pinkod soʻmning muomalaga kiritilishi, banknot va tangalar evolyutsiyasi hamda milliy valyuta tarixidagi muhim bosqichlar haqida material tayyorladi.

Milliy valyuta har bir davlatning iqtisodiy mustaqilligi va moliyaviy suverenitetini ifodalaydi. Oʻzbekistonda ham mustaqillikning dastlabki yillarida oʻz pul tizimini yaratish muhim vazifalardan biri boʻldi. Shu jarayon natijasida avval soʻm-kupon, keyin esa milliy valyuta — soʻm muomalaga kiritildi.
Rubldan soʻm-kuponga
Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham bir muddat sobiq ittifoq pul tizimidan foydalanishda davom etdi. 1993 yil 15 noyabrgacha mamlakat hududida SSSR Davlat bankining 1961–1992 yillarda chiqarilgan banknotlari hamda Rossiya bankining 1993-yilgi pullari muomalada boʻlgan.
1993 yil 15 noyabrda Oʻzbekistonda vaqtinchalik pul birligi — soʻm-kupon joriy etildi. U mustaqil milliy valyutaga oʻtish davrida toʻlov vositasi vazifasini bajardi. 1994 yil 1 yanvardan sobiq ittifoq banknotlarining muomalasi toʻliq toʻxtatilib, soʻm-kupon mamlakatdagi yagona qonuniy toʻlov vositasiga aylandi.

Soʻm-kuponning joriy etilishi yangi pul tizimini sinovdan oʻtkazish, naqd pul muomalasini tashkil qilish va aholini milliy valyutaga bosqichma-bosqich tayyorlash imkonini berdi.

Soʻm-kuponlar 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000 va 10 000 nominallarda chiqarilgan. Ularning old qismida Oʻzbekiston davlat gerbi, orqa tomonida esa Samarqanddagi Sherdor madrasasi tasvirlangan edi.
1994 yil 16 iyunda “Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish toʻgʻrisida”gi PF–870-sonli prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 1994 yil 1 iyuldan Oʻzbekiston hududida milliy valyuta — soʻm qonuniy toʻlov vositasiga aylandi.
Almashtirish nisbati 1000 soʻm-kuponga bir soʻm etib belgilandi. Korxona va tashkilotlarning hisobvaraqlaridagi mablagʻlar, aholi omonatlari, ish haqi, pensiya, stipendiya va boshqa toʻlovlar ham shu nisbatda qayta hisoblangan.
Yangi valyutaga oʻtish bir kunda yakunlanmagan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida soʻm-kuponlar 1994 yil 1 avgustgacha yangi soʻm bilan bir vaqtda qabul qilingan. Savdo va xizmat koʻrsatish tashkilotlari soʻm-kuponlarni qabul qilishdan bosh tortishi mumkin emas edi. 1 avgustdan boshlab esa mamlakatdagi barcha toʻlovlar faqat soʻmda amalga oshirila boshlangan.
1994 yil iyun oyining ikkinchi yarmi uchun ish haqi hamda iyul oyi uchun pensiya, nafaqa va stipendiyalarni yangi soʻmda berish belgilangan edi.
Birinchi soʻmlar qanday boʻlgan?
Soʻm muomalaga kiritilganida eng yirik banknot 100 soʻm edi. Dastlab quyidagi pul belgilari chiqarilgan:
1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 soʻmlik banknotlar hamda 1, 3, 5, 10, 20 va 50 tiyinlik tangalar.
Farmonda soʻm va tiyinlar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan toʻlovlar, omonatlar va bank hisobvaraqlariga kiritish uchun cheklovsiz qabul qilinishi shartligi belgilangan.


Birinchi banknotlarda davlat ramzlari, milliy naqshlar va tarixiy-meʼmoriy obʼektlardan foydalanilgan. Masalan, 1994 yil namunasidagi 1 soʻmlik banknotning orqa tomonida Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri binosi va uning oldidagi favvora tasvirlangan.


Oʻsha davr banknotlarida ham suv belgisi, himoya ipi, mikromatn va ultrabinafsha nur ostida koʻrinadigan elementlar mavjud boʻlgan. Masalan, 100 soʻmlik banknotda lupa orqali oʻqiladigan “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” mikromatni qoʻllangan.
200, 500 va 1000 soʻmlik banknotlar
Iqtisodiyotdagi nominal narxlar va naqd pulga boʻlgan talab oshishi bilan yirikroq banknotlarga ehtiyoj paydo boʻldi.


1997 yilda 200 soʻmlik, 1999 yilda 500 soʻmlik, 2001 yilda esa 1000 soʻmlik banknot muomalaga chiqarildi. Shu tariqa dastlabki yetti yil ichida eng yirik banknot nominali 100 soʻmdan 1000 soʻmgacha oshdi.


200 soʻmlik banknotda kuzatish burchagiga qarab yashildan qizil rangga oʻzgaradigan maxsus himoya boʻyogʻi ishlatilgan. 1000 soʻmlik banknotda esa davlat gerbi va «1000» raqami shaklidagi suv belgisi hamda metall qoʻshilgan himoya ipi mavjud edi.
1000 soʻmlik banknot qariyb oʻn ikki yil davomida Oʻzbekistondagi eng yirik nominal boʻlib qoldi.
5000 soʻmlik banknot — uzoq tanaffusdan keyingi yangi nominal
2013 yil 1 iyulda 5000 soʻmlik banknot muomalaga chiqarildi. Bu 2001 yildagi 1000 soʻmlikdan keyin 12 yil ichida chiqarilgan birinchi yangi yirik nominal edi.
5000 soʻmlik banknot 144×78 millimetr oʻlchamdagi himoyalangan qogʻozda tayyorlangan. Unda davlat gerbi va “5000” raqami koʻrinishidagi suv belgisi, shuningdek, golografik effektli himoya ipi qoʻllangan.


Ushbu banknotning paydo boʻlishi naqd hisob-kitoblarda koʻp miqdordagi 1000 soʻmlik pullarni olib yurish zaruratini kamaytirgan.
2017 yil: yangi banknotlar va valyuta bozori islohoti
2017 yil soʻm tarixida eng muhim bosqichlardan biri boʻldi.
10 martdan 10 000 soʻmlik banknot muomalaga chiqarildi. Uning orqa tomonida Oliy Majlis Senati binosi tasvirlangan, banknotda “darcha” va 3D effektli himoya ipi hamda rangini oʻzgartiruvchi elementlar qoʻllangan.


Shu yilning 22 avgustida 50 000 soʻmlik banknot paydo boʻldi. Uning old qismida Mustaqillik maydonidagi “Ezgulik” arkasi ustidagi laylaklar tasvirlangan.

2017 yildagi oʻzgarishlar faqat banknotlar bilan cheklanmadi. 5 sentabrdan valyuta siyosati liberallashtirildi. Yuridik shaxslarga import, kreditlarni qaytarish, xizmat safari va boshqa joriy xalqaro operatsiyalar uchun banklar orqali chet el valyutasini cheklovsiz sotib olish imkoniyati berildi.
Ayirboshlash kursini valyuta birjasidagi talab va taklif asosida shakllantirish belgilandi. Jismoniy shaxslar uchun ham banklar orqali valyuta sotib olish va sotish tartibi yengillashtirildi.
Shu maʼnoda 2017 yil soʻmning tashqi valyutalarga nisbatan kursini maʼmuriy boshqarishdan bozor mexanizmlariga yaqinlashtirishda burilish nuqtasi boʻldi.
100 ming soʻmlik banknot
2019 yil 25 fevralda 100 000 soʻmlik banknot muomalaga chiqarildi. Banknot mavzusi Mirzo Ulugʻbek faoliyati va uning astronomiya sohasidagi ilmiy merosiga bagʻishlangan edi.

Unda Mirzo Ulugʻbek portreti shaklidagi suv belgisi, himoya iplari, ultrabinafsha nur ostida koʻrinadigan elementlar va ferromagnit xususiyatga ega boʻyoqlar qoʻllangan.
100 ming soʻmlik banknot muomalaga chiqarilgan vaqtda 2001 yildagi 1000 soʻmlik banknotdan yuz barobar, 1994 yildagi dastlabki 100 soʻmlikdan esa ming barobar yirik nominal edi.
Qogʻoz pullar oʻrnini tangalar egalladi
Pul muomalasini optimallashtirish va mayda qaytim muammosini kamaytirish maqsadida 2018 yil iyul oyidan yangi namunadagi 50, 100, 200 va 500 soʻmlik tangalar muomalaga chiqarildi. Ular avvalgi tangalarga nisbatan ixcham va yengilroq qilib ishlangan.
Yangi tangalar chiqarilishi ortidan ayrim eski pullar bosqichma-bosqich muomaladan olindi.
2019 yil 1 iyuldan 1994 yil namunasidagi 50 va 100 soʻmlik banknotlar hamda eski namunadagi 50 va 100 soʻmlik tangalar qonuniy toʻlov vositasi maqomini yoʻqotdi.
2020 yil 1 martdan 1, 3, 5, 10 va 25 soʻmlik banknotlar, shuningdek, tiyin va ayrim kichik nominaldagi tangalar muomaladan chiqarildi. 2020 yil 1 iyuldan esa 1997 yil namunasidagi 200 soʻmlik va 1999 yil namunasidagi 500 soʻmlik qogʻoz pullar qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotdi. Ularning oʻrnini 200 va 500 soʻmlik tangalar egalladi.
“Buyuk Ipak yoʻli”ga bagʻishlangan yangi banknotlar
2021 yildan Oʻzbekiston banknotlarining yangi avlodi muomalaga chiqarila boshlandi. Yangi seriyaning umumiy mavzusi “Buyuk Ipak yoʻli”, Oʻzbekiston hududidagi qadimiy shaharlar, arxeologik yodgorliklar va madaniy meros obʼektlariga bagʻishlandi.


2021 yil 14 iyundan 2000 va 20 000 soʻmlik banknotlar muomalaga kiritildi. 2000 soʻmlik banknotning old tomonida Buxoro arki, 20 000 soʻmlik banknotda esa Qoraqalpogʻiston hududidagi Qoʻyqirilgan qalʼa yodgorligi tasvirlangan.

26 avgustdan 5000 va 10 000 soʻmlik banknotlarning yangi namunalari chiqarildi. Yangi 10 000 soʻmlik banknotning orqa tomonida Toshkent hududidagi eng qadimiy yodgorliklardan biri — Shoshtepa arxeologiya yodgorligi aks ettirilgan.

22 dekabrdan 50 000 va 100 000 soʻmlik banknotlarning yangi dizayni muomalaga chiqarildi. 50 000 soʻmlik banknot orqa qismida Surxondaryodagi Sopollitepa arxeologiya yodgorligidan topilgan qadimiy sopol buyumlar tasvirlangan. Old tomonida esa Surxondaryo viloyatida joylashgan XI–XII asrlarga tegishli “AL-HAKIM AT-TERMIZIY MAQBARASI” meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan.

Yangi banknotlar chiqarilishi avvalgi 5000, 10 000, 50 000 va 100 000 soʻmlik banknotlarni avtomatik ravishda muomaladan chiqarmagan. Eski va yangi namunalar parallel ravishda qonuniy toʻlov vositasi boʻlib qoldi.
Eng yirik nominal — 200 ming soʻm
2022 yil 15 iyuldan 200 000 soʻmlik banknot muomalaga chiqarildi. Banknot mavzusi “Buyuk Ipak yoʻli” va Fargʻona vodiysining qadimiy tarixiga bagʻishlangan.

Uning old tomonida Qoʻqon shahridagi Xudoyorxon oʻrdasi tasvirlangan. Banknotda qadimiy karvon yoʻlining ramzi boʻlgan tuya shaklidagi suv belgisi, “UZB” yozuvli mikrooptik himoya ipi, rang va harakat effektlarini hosil qiluvchi maxsus elementlar qoʻllangan.

200 ming soʻmlik banknotning oʻlchami 152×69 millimetr boʻlib, old va orqa tomoni maxsus lak bilan qoplangan. Koʻrish qobiliyati past insonlar banknot nominalini aniqlashi uchun boʻrtma belgilar ham joylashtirilgan.
2022 yil 26 dekabrdan esa ikki xil metalldan tayyorlangan 1000 soʻmlik tanga muomalaga chiqarildi. U 2001 yil namunasidagi 1000 soʻmlik banknot bilan parallel ravishda ishlatiladi.
Bugun qanday soʻmlar muomalada?
Markaziy bankning 2026 yilda yangilangan maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda quyidagi banknotlar muomalada:
1000, 2000, 5000, 10 000, 20 000, 50 000, 100 000 va 200 000 soʻm.
5000, 10 000, 50 000 va 100 000 soʻmlik banknotlarning eski hamda yangi namunalari parallel muomalada qolmoqda. Shuningdek, 50, 100, 200, 500 va 1000 soʻmlik zamonaviy tangalardan ham foydalaniladi.
Soʻm — iqtisodiy mustaqillik belgisi
Milliy valyutaning joriy etilishi Oʻzbekistonga mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, pul massasi va inflyatsiyani tartibga solish, valyuta kursini belgilash hamda milliy toʻlov tizimini shakllantirish imkonini berdi.
Markaziy bank soʻmning muomalaga kiritilishini mustaqil bank tizimi va Oʻzbekiston iqtisodiyoti shakllanishidagi muhim voqea sifatida baholaydi. Aynan milliy valyuta paydo boʻlgandan keyin Markaziy bankning pul-kredit siyosati, valyuta bozori, bank nazorati va toʻlov tizimini mustaqil boshqarish imkoniyatlari kengaygan.
32 yil davomida soʻm tashqi koʻrinishi, nominali va himoya texnologiyalari boʻyicha bir necha bor oʻzgardi. Ammo uning asosiy vazifasi oʻzgarmadi. Mamlakat hududida yagona qonuniy toʻlov vositasi boʻlish va Oʻzbekistonning iqtisodiy suverenitetini ifodalash.









