2026 yil uchun asosiy soliq stavkalari qanday boʻladi?
2026 yil byudjetnomasiga muvofiq, Oʻzbekistonda asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoladi. Biroq ayrim sohalar, jumladan elektron savdo va kichik biznes uchun yangi soliq tartiblari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

2026 yilda Oʻzbekistonda asosiy soliq stavkalarini oʻzgartirmaslik rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan kelgusi yil byudjetnomasida maʼlum qilindi.
Xususan, foyda soligʻining bazaviy stavkasi 15% miqdorida saqlanib qoladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (JShDS) — 12% etib belgilanadi. Ijtimoiy soliq byudjet tashkilotlari uchun 25%, boshqa ish beruvchilar uchun esa 12% darajasida qoladi. Aylanmadan olinadigan soliq 4%, yuridik shaxslar mol-mulk soligʻi esa 1,5% ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan boshlab elektron savdo maydonchalarida faoliyat yurituvchi sotuvchilar uchun soliqlar umumiy stavkalarga moslashtiriladi. Xususan, marketpleyslarda sotuvdan olinadigan foyda soligʻi 10% dan 15% gacha, aylanmadan olinadigan soliq esa 3% dan 4% gacha oshiriladi.
Yillik aylanmasi 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan oʻzini oʻzi band qilgan va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq 1% gacha pasaytiriladi. Shu bilan birga, YTTlar uchun qatʼiy belgilangan JShDS hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning 100 mln soʻmdan kam daromadlari boʻyicha mavjud soliq imtiyozlari bekor qilinadi.
Aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar umumiy soliq rejimiga (QQS va foyda soligʻi) oʻtganda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi imtiyozlar joriy etiladi. Bunda kompaniyalar bir yil davomida foyda soligʻidan ozod qilinadi. Bundan tashqari, buxgalterlik xizmatlari bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha 6 oy davomida har oyiga MHEKMning 3,5 baravarigacha (4 448 500 soʻm) soliq chegirmasi taqdim etiladi.
Foyda soligʻi boʻyicha avans toʻlovlari hisoblashni boshlash chegarasi ikki baravarga oshirilmoqda. 2026 yildan ushbu chegara 10 mlrd soʻmdan 20 mlrd soʻmga yetkaziladi.
Shuningdek, prezident qarorlari asosida asosiy vositalarga jadal amortizatsiya qoʻllayotgan korxonalarga 3 yilgacha foyda soligʻi boʻyicha soliq imtiyozlari berilishi mumkin. Norezidentlarga toʻlanadigan dividendlar boʻyicha esa avval soliqqa tortilgan daromadlardan toʻlangan soliqlar kelgusida chegirib tashlanadi.
Yer, mol-mulk, suv resurslaridan foydalanganlik hamda yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini ijaraga berishning eng kam stavkalari oshiriladi. Ushbu yoʻnalishlarda oʻrtacha indeksatsiya 7% ni tashkil etadi.
Yuridik shaxslar yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlardan foydalanganda ularning ishchi xodimlari soni va tovar aylanmasi kabi maqsadli koʻrsatkichlar hisobga olinishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur talablar quyidagi subʼektlarga tatbiq etilmaydi:
- toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yuridik shaxslar;
- mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTB) ishtirokchilari;
- nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari tashkil etgan korxonalar;
- 2026 yil 1 yanvar holatiga maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari;
- notijorat va byudjet tashkilotlari.
Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning oʻz mahsulotlarini sotishida QQS stavkasi nol darajaga tushiriladi. Shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun gips xomashyosini qazib olish va qayta ishlashda yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq ikki baravarga kamaytiriladi.









