2026 yil boshidan beri aholi banklarga 3,9 mlrd dollar sotdi
2026 yilning yanvar–fevral oylarida aholi tomonidan banklarga sotilgan valyuta hajmi 3,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu koʻrsatkich 2024 yildagi 2,1 mlrd dollarga nisbatan sezilarli oʻsgan. Shu bilan birga, valyuta bozorida kurs tebranishlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,6 barobarga oshgan.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida aholi banklarga 3,9 mlrd dollar sotdi. Bu haqda Markaziy bank infografikasida keltirib oʻtilgan.
Banklar orqali amalga oshirilgan valyuta operatsiyalarida ham oʻsish qayd etilgan.
Aholi tomonidan banklarga sotilgan valyuta hajmi 2024 yildagi 2,1 mlrd dollardan 2026 yilda 3,9 mlrd dollargacha oshgan. Shu bilan birga, aholining valyuta xaridi ham 1,4 mlrd dollardan 2 mlrd dollargacha koʻpaygan.

Yuridik shaxslar operatsiyalarida esa aksincha manfiy saldo saqlanib qolmoqda. 2026 yilda kompaniyalar tomonidan banklardan xarid qilingan valyuta hajmi 7,45 mlrd dollarni tashkil etgan boʻlsa, sotuv 4,06 mlrd dollar atrofida qayd etilgan. Natijada yuridik shaxslar boʻyicha saldo 3,38 mlrd dollar minus koʻrsatkichda qolgan.
Valyuta kursi dinamikasida ham oʻzgarish kuzatilgan. 2025 yil boshida dollar kursi 12 920 soʻm atrofida shakllangan boʻlsa, 2026 yil yanvar–fevral oylarida oʻrtacha qiymat 12 025–12 136 soʻm oraligʻida qayd etilgan. Ikki tomonlama oʻrtacha tebranish 32,1 soʻmni (0,27 foiz) tashkil etgan.
2026- yil yanvar-fevral oylarida valyuta kursining ikki tomonlama oʻrtacha tebranuvchanligi 2025 yilning ushbu davriga nisbatan 2,6 barobarga yuqori boʻldi.









