12 033.280 so‘m

increase

64.690

14 060.890 so‘m

increase

40.880

149.300 so‘m

increase

1.560

12 033.280 so‘m

increase

64.690

3 kun avval
Iqtisodiyot
81

2025 yilda yillik inflyatsiya 7,3 foizga yetdi: qaysi tovar va xizmatlar eng koʻp qimmatladi?

2025 yilda Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil qildi. Narxlar oʻsishi eng avvalo xizmatlar sohasi va asosiy isteʼmol tovarlari hisobiga toʻgʻri keldi. Qaysi mahsulot va xizmatlar eng koʻp qimmatlagani quyida:

2025 yilda yillik inflyatsiya 7,3 foizga yetdi: qaysi tovar va xizmatlar eng koʻp qimmatladi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi xabar berdi.

Dekabr oyining oʻzida isteʼmol narxlari oʻsishi biroz tezlashib, 0,9 foizni tashkil etdi. Oylik inflyatsiya 2024 yil dekabriga nisbatan 0,1 foiz bandga pasaydi.

Narxlar oʻsish surʼati avgust oyidan boshlab mavsumiy omillar taʼsirida asta-sekin tezlashib kelayotgan boʻlsa-da, u hali ham oʻtgan yilning mos davrlaridagi darajadan pastligicha qolmoqda. 

2025 yilda inflyatsiya tarkibiy jihatdan notekis shakllandi. Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari yillik hisobda 5,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,1 foizga, xizmatlar sektori esa 13,9 foizga qimmatlashdi. Ayniqsa xizmatlar sohasidagi yuqori inflyatsiya umumiy narxlar dinamikasiga bosimni saqlab qoldi.

Dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 1,5 foizga oshdi, bu mart oyidan buyon qayd etilgan eng yuqori oylik koʻrsatkich boʻldi. Yillik hisobda oziq-ovqat inflyatsiyasi 5,5 foizni tashkil etib, 2024 yil oxiridagi darajadan ikki barobar yuqori boʻldi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta oʻsish goʻsht mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keldi. 

Infografika: Mirkonomika Telegram kanali

Xususan, qoʻy goʻshti 26,9 foizga, suyaksiz mol goʻshti 25 foizga, suyakli mol goʻshti 23,9 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, paxta yogʻi 17,7 foizga, tuxum 14,5 foizga, sut 5,7 foizga, non esa 1,6 foizga oshdi.

Shu bilan birga, ayrim asosiy oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha narxlar pasaydi. Jumladan, guruch 16,6 foizga, kungaboqar yogʻi 12,7 foizga va shakar 4,8 foizga arzonlashdi. Bu ayrim segmentlarda taklifning kengaygani hamda tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi bilan izohlanadi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini hisobga olmaganda, dekabr oyida oylik inflyatsiya 0,4 foizni (avvalgi oyda — 0,7 foiz) tashkil etdi. Yillik koʻrsatkich esa 1,5 baravarga qisqarib, 12 foizdan 7,9 foizga tushdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari yil davomida 5,1 foizga oshdi (2024 yilda — 7,7 foiz), shundan dekabr oyiga 0,3 foiz toʻgʻri keldi.

Xizmatlar va kommunal sohada narxlar oʻsishi nisbatan keskin boʻldi. Yil davomida tarmoq gaz narxi 39,2 foizga, sovuq suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari 35,1 foizga, maishiy chiqindilarni olib ketish 32,5 foizga, suyultirilgan gaz 25 foizga, elektr energiyasi 18,8 foizga oshdi. 

Bundan tashqari, issiq suv taʼminoti 11,9 foizga, isitish xizmatlari 11,5 foizga qimmatlashdi. Yoqilgʻi bozorida ham oʻsish kuzatilib, benzin narxi 11,9 foizga, propan narxi 10,5 foizga koʻtarildi. Dekabr oyining oʻzida xizmatlar narxi 0,7 foizga oshdi.

Taʼlim sohasida ham inflyatsion bosim saqlanib qoldi. Yil davomida repititorlik xizmatlari va chet tillarini oʻrganish kurslari 6,6 foizga, maktabgacha taʼlim xizmatlari esa 17 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, oliy taʼlim xizmatlari narxlari oʻzgarishsiz qoldi.

Hududlar kesimida yillik inflyatsiya eng yuqori Fargʻona viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 7,7 foiz darajasida qayd etildi. Eng past koʻrsatkich Jizzax viloyatida (6,7 foiz) kuzatildi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yillik inflyatsiya respublika boʻyicha oʻrtacha darajadan biroz past boʻlib, mos ravishda 7,1 va 7,2 foizni tashkil etdi.

Dekabr oyida oylik inflyatsiyaning eng yuqori darajasi Xorazm viloyatida (1,1 foiz) qayd etildi. Keyingi oʻrinlarda Toshkent shahri, Andijon va Namangan viloyatlari (1 foiz) joy oldi. Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida esa narxlar oʻsishi 0,8 foiz bilan cheklangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+