2024 yildagi umumiy soliq tushumlari hisoboti maʼlum qilindi
Oʻtgan yilda jami soliq tushumlari 20% ga oʻsib, qariyb 200 trln soʻmni tashkil etdi.
Ijtimoiy keshbek tizim orqali davlat byudjetidan 24,6 mlrd soʻmlik keshbek qaytarildi.
Onlayn cheklar tahlili yordamida dorilarga talab yuqori boʻlgan hududlarni aniqlash va tezkor choralar koʻrish imkoniyati yaratildi.
7 yanvar kuni Axborot va ommaviy-kommunikatsiyalar agentligida Soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Dildora Hoshimova ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda soliq tizimidagi yutuqlar va raqamlashtirish jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Asosiy koʻrsatkichlar:
Respublika boʻyicha tushumlar: 199,6 trln soʻm soliq tushumlari taʼminlanib, 20% oʻsishga erishildi. Tuman va shahar byudjetiga tushumlar esa 24% ga oshdi. Toshkent shahri (27%), Sirdaryo (25%), Toshkent viloyati (23%) eng yuqori oʻsish qayd etdi.
Mol-mulk va yer soliqlari: 31,4% oʻsish (+1,4 trln soʻm), Toshkent shahri (+63,6%), Toshkent viloyati (+42,5%) va Andijonda (+37,6%) kuzatildi.
Aksiz soligʻi (AOS) tushumlari: 17,5% oʻsish (+421,4 mlrd soʻm), Buxoro va Namanganda (+22,8%), Xorazmda (+22,3%) kuzatildi.
Foyda soligʻi: 29,1% oʻsish (+11,9 trln soʻm), Sirdaryoda 1,8 baravarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1,5 baravarga oshgan.
QQS: 16,4% oʻsish (+5,6 trln soʻm), Sirdaryoda 39,2%, Toshkent shahrida 31,7%, Toshkent viloyatida 27,6%, Jizzax viloyatida 25,8%, Qoraqalpogʻiston Respublikasida - 23,7% oʻsdi.
Tadbirkorlik faoliyatidagi natijalar:
Soliq organlari tomonidan vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 64,5 mingta kichik tadbirkorlik subʼektlari faoliyati tiklanib, 134,8 mingta yangi tadbirkorlik subʼektlari tashkil etildi. “Avtokameral” tizimi yordamida 37,9 trln soʻmlik qayta hisobotlar taqdim etilib, xatoliklar bartaraf etildi va 13,8 trln soʻmlik moliyaviy jarimalarning oldi olindi.
Raqamlashtirish va avtomatlashtirish:
Soliq maʼmuriyatchiligi uchun yagona raqamli platforma yaratilib, zamonaviy texnologiyalar joriy qilindi. QQS (93%), yer va mol-mulk soliqlari hamda AOS hisoboti 100% avtomatik shakllanmoqda.
Elektron hisob-faktura (EHF) orqali jami tovar aylanmasi 17% oʻsdi. Onlayn-NKT orqali 1 milliarddan ortiq chek rasmiylashtirilib, 261,1 trln soʻmlik aylanma qayd etildi.
“Soliq” mobil ilovasi orqali tadbirkorlar va fuqarolarga dunyoning istalgan nuqtasidan xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Ilovadan birgina dekabr oyida 115 mln martadan koʻp foydalanilgan.
Subsidiya va keshbeklar:
“Quyoshli xonadon” xizmati orqali 10,2 ming nafar foydalanuvchiga 11,6 mlrd soʻm, “Ijtimoiy keshbek” xizmati orqali 135,7 mingta foydalanuvchiga 24,6 mlrd soʻmlik subsidiya va keshbeklar byudjetdan qaytarildi.
Shuningdek, xaridorlarga berilayotgan onlayn cheklar tahlili orqali qaysi hududda qanday dorilarga talab kuchayganligiga qarab, kasalliklarning oldini olishga qarshi tezkor qaror qabul qilish imkoniyati yaratildi. Yaqin kelajakda esa har bir mahsulot boʻyicha isteʼmol ehtiyoji haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilish imkoni paydo boʻladi. Bu orqali byudjet mablagʻlari taqsimotida aholi ehtiyojiga qarab isteʼmol tovarlari import-eksporti, ishlab chiqarish yoki yetishtirish hajmini oldindan belgilashga imkon beradi.
2025 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar:
- Soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni raqamli transformatsiya orqali yanada yaxshilash.
- KPI mezonlari asosida mahallabay va korxonabay ishlash tizimini rivojlantirish.
- Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda soliq nazorati instrumentlarini takomillashtirish.
- Davlat ulushi yuqori boʻlgan korxonalarda xarajatlarni nazorat qilish va soliq monitoringini joriy etish.
- 2025 yilda 224 trln soʻm soliq tushumlarini taʼminlash.