2024 yilda YouTube AQSh yalpi ichki mahsulotiga $55 mlrd hissa qoʻshgan
Shuningdek, platforma 490 mingdan ortiq toʻliq ish oʻrinlarini yaratgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar Oʻzbekistonda YouTube monetizatsiyasi yoʻlga qoʻyilsa, mamlakatda YaIM 0,1 foizga oʻsishi, blogerlar esa yiliga $50 mlngacha daromad olishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

YouTube oʻzining iqtisodiy taʼsiri boʻyicha yillik hisobotini eʼlon qildi.
Oxford Economics tomonidan tayyorlangan tahlilga koʻra, 2024 yilda YouTube ijodiy ekotizimi AQSh yalpi ichki mahsulotiga 55 milliard dollar hissa qoʻshgan va 490 mingdan ortiq toʻliq ish oʻrinlarini taʼminlagan. Bu koʻrsatkichlar 2022 yilga nisbatan muhim darajada oshgan boʻlib, ikki yil ichida $20 mlrdlik iqtisodiy oʻsish va 100 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratilganini koʻrsatmoqda.
Bu raqamlar YouTube’ning nafaqat kontent yaratuvchilar (blogerlar), balki ular bilan ishlaydigan video tahrirchilar, menejerlar, dizaynerlar, huquqshunoslar, shuningdek Patreon, Linktree va Spotter kabi xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar uchun ham katta iqtisodiy imkoniyat yaratishini tasdiqlaydi. Ayniqsa, YouTube’ning Hamkorlik dasturi orqali blogerlar reklama daromadining 55 foizini olishlari mumkin, bu esa hatto oʻrta auditoriyaga ega kontent yaratuvchilar uchun ham barqaror daromad manbaiga aylangan.
YouTube monetizatsiyasi Oʻzbekistonda
YouTube monetizatsiyasining iqtisodiy salohiyati Oʻzbekistonda ham dolzarb mavzuga aylangan. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan olib borilgan tahlilga koʻra, YouTube monetizatsiyasi mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Hozirgi kunda YouTube monetizatsiyasi dunyoning 108 ta davlatida mavjud boʻlsa, Markaziy Osiyoda bu imkoniyat faqat Qozogʻistonda joriy etilgan. Oʻzbekistonda esa hali bu tizim faoliyat koʻrsatmayapti. Biroq bu yoʻlga qoʻyilgan taqdirda, mamlakat YaIMi 0,05–0,1% ga oshishi mumkin. Qozogʻistonda bu raqam allaqachon 0,1% ni tashkil etmoqda.
Oʻzbekistonda 13 million faol YouTube foydalanuvchisi, 26 mingdan ortiq bloger mavjud boʻlib, ularning 1000 tasi yirik (100 mingdan ortiq obunachiga ega), 5000 tasi oʻrta (10–100 ming), 20 mingga yaqini kichik (1–10 ming) auditoriyaga ega. Foydalanuvchilar yiliga oʻrtacha 36 milliard marta video tomosha qiladi. Bu koʻrsatkich orqali Oʻzbekiston blogerlarining yillik daromadi 28,8 mln dollardan 50,4 mln dollargacha boʻlishi mumkin.
Shuningdek, mamlakatda 9600 dan ortiq kreativ sanoatga oid kompaniyalar mavjud boʻlib, bu sohada 84 ming nafardan ziyod ishchi faoliyat yuritmoqda. Rejaga koʻra, 2030 yilga kelib, kreativ sanoatning mamlakat YaIMdagi ulushi 5 foizga yetkazilishi maqsad qilingan.