2024 yilda aholiga 1 trln soʻmdan ortiq keshbek toʻlab berildi
Eng koʻp keshbek Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi foydalanuvchilarga qaytarilgan boʻlsa, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari eng kam koʻrsatkichni qayt etgan.

Soliq qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, yil davomida jami 5,6 mln foydalanuvchi tizimdan foydalangan boʻlsa, dekabr oyida bu koʻrsatkich 3,026 millionni tashkil etdi, yaʼni yil davomidagi foydalanuvchilarning 53,6 foizi aynan dekabr oyida faol boʻlgan. Bu esa mavsumiy xaridlarning yuqori faolligidan dalolat beradi.

Yil davomida qayd etilgan cheklar soni 1 mlrd donadan oshiqni tashkil etgan boʻlsa, dekabr oyida bu koʻrsatkich 114,8 million dona boʻlib, umumiy yil koʻrsatkichining 11,2 foizini tashkil etdi.
Toʻlangan keshbek summalari boʻyicha yil davomida 1,05 trln soʻm aholiga qaytarilgan, dekabr oyida esa bu koʻrsatkich 89,2 milliard soʻmni tashkil etdi.
Yil davomida Toshkentda 412,2 milliard soʻm keshbek toʻlangan boʻlsa, dekabr oyida bu koʻrsatkich 36,1 milliard soʻmni tashkil etdi. Toshkent viloyati yillik 107,1 milliard soʻm bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Samarqand viloyati(93,2 mlrd soʻm), Fargʻona(75,6 mlrd soʻm) va Andijon(52 mlrd soʻm) viloyatlari ham yuqori iqtisodiy koʻrsatkichlarga ega boʻldi.
Nisbatan past koʻrsatkichlar Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida qayd etildi, bu hududlarda yil davomida mos ravishda 15,5 milliard va 22,5 milliard soʻm toʻlangan boʻlsa, dekabr oyida bu summalar 1,3 milliard va 1,9 milliard soʻmni tashkil etdi.