100 dollarlik kupyurada Donald Tramp imzosi paydo boʻladi
Yozdan boshlab AQSh qogʻoz pullarida ilk bor amaldagi prezident Donald Tramp imzosi paydo boʻladi. Bu oʻzgarish AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan joriy etilmoqda. Shu bilan birga, 1861 yildan beri dollar kupyuralarida boʻlib kelgan AQSh gʻaznachisi imzosi anʼanasi tugaydi.

AQSh Moliya vazirligi maʼlum qilishicha, yoz oylaridan boshlab yangi dollar kupyuralarida prezident Donald Tramp imzosi boʻladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Shu tariqa, AQSh tarixida ilk marta amaldagi prezident imzosi federal qogʻoz pullarda aks etadi.
Yangi dizayndagi banknotlar AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan chiqarilmoqda. Ular bilan birga yana bir muhim oʻzgarish ham kiritiladi — 165 yillik anʼana bekor qilinib, kupyuralardan AQSh Gʻaznachisi imzosi olib tashlanadi.
Birinchi boʻlib yangi $100 kupyuralari chop etiladi. Ularda prezident Donald Tramp hamda AQSh Moliya vaziri Skott Bessent imzolari boʻladi. Ushbu banknotlar iyun oyida bosib chiqarilishi rejalashtirilgan va bir necha hafta ichida banklar orqali muomalaga kirishi mumkin.
Mazkur qaror Tramp maʼmuriyati tomonidan prezident nomini turli davlat obʼektlari, dasturlari va hatto esdalik tangalarida aks ettirishga qaratilgan siyosatning navbatdagi qadamlaridan biri sifatida baholanmoqda.









