Apple, Meta, Google va OpenAI: xorijiy gigantlar Oʻzbekistonda qancha soliq toʻlagani maʼlum boʻldi
Birinchi chorak boʻyicha xorijiy kompaniyalar tomonidan toʻlangan jami soliq miqdori 1,5 barobarga oʻsib, 36,2 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Eng koʻp soliq toʻlagan kompaniya 10,67 mlrd soʻm bilan Apple boʻldi. Meta va Google esa keyingi oʻrinlarni egalladi.
Top beshlikdan joriy yilda roʻyxatdan oʻtgan OpenAI hamda blokda boʻlgan TikTok joy egalladi.

Xorijiy elektron xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar 2025 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonda qancha soliq toʻlagani maʼlum boʻldi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi axborot berdi.
Dastlabki uch oy yakunlariga koʻra, soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan xorijiy IT-kompaniyalar soni 68 taga yetdi — bu koʻrsatkich 2024 yil 1 yanvar holatiga nisbatan 13 taga ortgan.
Mazkur kompaniyalar tomonidan toʻlangan jami soliq miqdori 36,2 milliard soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar koʻpdir. Shu bilan birga, jami savdo aylanmasi 306,6 milliard soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 47 foizga oshgan.

Yanvar–mart oylarida eng koʻp soliq toʻlagan kompaniya — Apple, 10,67 milliard soʻm. Meta esa 10,51 milliard soʻm bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Maʼlumot oʻrnida, 2024 yilda Meta bozor ishtirokchilari toʻlagan jami soliqlarning uchdan bir qismini toʻlagan edi.
Google esa 8,93 milliard soʻm soliq bilan keyingi oʻrinni egalladi.
Shuningdek, OpenAI Oʻzbekistonda soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan ilk yilida 1,09 milliard soʻm soliq toʻlab, yuqori beshlikka kirishga muvaffaq boʻldi. Faoliyati Oʻzbekistonda bloklangan boʻlishiga qaramay, TikTok ham 934,8 million soʻm soliq toʻlagan.
Roʻyxatda quyidagi kompaniyalar ham bor:
- Booking.com — 542,7 million soʻm,
- Netflix — 467,6 million soʻm,
- Zoom — 432,6 million soʻm,
- ACCA — 427 million soʻm,
- Xsolla — 235,6 million soʻm.
Eslatib oʻtamiz, xorijiy kompaniyalar 2024 yilda qariyb 120 mlrd soʻm soliq toʻlagan.