Avtomobil bozorida jonlanish: aprel oyida yengil avtomobillar savdosi 20 foizga ortdi
Joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonda yengil avtomobillar savdosi 20 foizga ortib, 77 ming donadan oshdi.
Umumiy avtomobil savdosi esa 90 mingga yaqinlashib, oʻtgan oyga nisbatan 17 foizga koʻpaydi.
Bozordagi faollik aksariyat hududlarda ortib, Sirdaryo viloyatida 34 foiz, Toshkent shahrida 32 foiz va Qoraqalpogʻistonda 29 foiz oʻsish qayd etildi.

Ikki oy davom etgan pasayishdan soʻng, 2025 yil aprel oyida Oʻzbekiston avtomobil bozorida ijobiy dinamika qayd etildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisobotida keltirilgan.
Oʻtgan oyga nisbatan umumiy savdo hajmi 17 foizga ortib, deyarli 90 ming dona avtomobil sotildi. Ayniqsa, yengil avtomobillar segmentida sezilarli faollik kuzatildi — bu toifadagi transport vositalari savdosi 20 foizga koʻpayib, 77 ming donadan oshdi.
Savdo hajmidagi oʻsish aksariyat hududlarda yaqqol namoyon boʻldi. Xususan, Sirdaryo viloyatida avtomobil savdosi 34 foizga, Toshkent shahrida 32 foizga, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa 29 foizga oshdi. Bu hududlarda isteʼmolchilarning faolligi va talabning ortganini koʻrsatmoqda.
Birlamchi avtomobil bozori
Birlamchi avtomobil bozorida ham ijobiy oʻsish kuzatildi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar sotuvi 20,5 ming donani tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 4 foizga oshdi. Umuman olganda, birlamchi bozordagi savdolar 15 foizga oʻsib, 26 ming dona avtomobilga yetdi. Shu bilan birga, yangi xorijiy avtomobillar segmentida esa savdo ikki baravarga oshib, oy yakunida 5,3 ming dona avtomobil sotildi.

Ikkilamchi avtomobil bozori
Mart oyida ikki foizga qisqargan ikkilamchi bozor esa aprel oyida tezkor tiklanishni koʻrsatdi. Foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 22 foizga koʻpayib, 52 ming donani tashkil etdi. Bu segmentdagi tiklanish bozordagi umumiy jonlanishning muhim belgilaridan biridir.
Elektromobillar
Elektromobillar segmentida esa aprel oyida savdo hajmi oʻtgan oyga nisbatan 10 foizga pasaydi. Biroq yillik solishtirma koʻrsatkichlar boʻyicha bu segment barqaror oʻsishni namoyon etmoqda — 2024 yil apreliga nisbatan elektromobillar savdosi 37 foizga ortgan.