Tenge bank va Hayot bank’ning birinchi chorakda koʻrgan sof foydasi ochiqlandi
Joriy yil birinchi chorak yakuni boʻyicha ikkala bank foydasida ham sezilarli oʻsish kuzatilgan.
Tenge bank foydasi 112,6 foizga oshgan boʻlsa, Hayot bankda ushbu koʻrsatkich 253,7 foizga koʻpaydi.

Oʻzbekiston banklari 2025 yilning birinchi choragi boʻyicha moliyaviy hisobotlarni taqdim etishda davom etmoqda. Tenge bank va Hayot bank mazkur davr uchun oʻz hisobotlarini eʼlon qildi.
Tenge bank
Tenge bankning jami aktivlari 2025 yilning 31 marti holatiga koʻra 7,3 trln soʻmni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich 2024 yil oxiriga (31 dekabr) nisbatan 731,7 mlrd soʻmga kamaygan. Bankning foizli daromadlari 210,1 mlrd soʻmni tashkil qildi (sof foizli daromad — 8,8 mlrd soʻm). Foizsiz daromadlar esa 110,2 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Bank ushbu chorakni 920,9 million soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 112,6 foizga koʻproqdir. Taqqoslash uchun, Tenge bank 2024 yilning birinchi choragini 7,3 mlrd soʻm zarar bilan yakunlagan.
Hayot bank
2025 yil boshidan buyon Hayot bankning jami aktivlari deyarli 1 trillion soʻmga oshib, chorak yakunida 2,6 trln soʻmga yetdi. Bankning foizli daromadlari 93,8 mlrd soʻmni tashkil qilmoqda(sof foizli daromad — 31,3 mlrd soʻm). Foizsiz daromadlar esa oʻtgan yildagi 2,5 mlrddan 43,2 mlrd soʻmgacha yetdi.
Hayot bank chorakni 17,2 mlrd soʻmlik sof foyda bilan yakunladi. Bu natija oʻtgan yilning shu davrida qayd etilgan 11,2 mlrd soʻmlik zarar bilan solishtirganda sezilarli ijobiy oʻzgarishni anglatadi. Bankning sof foydasi bir yil ichida 253,7 foizga oshgan.