Jahon bozorida oltin narxi yana rekord oʻrnatdi. Buning sababi nima?
Soʻnggi kunlarda oltin narxi jahon bozorida ketma-ket rekordlarni yangilamoqda.
Xususan, 22 sentabr kuni oltin narxi bir troya unsiya uchun $3 720 dan oshib, yangi rekord qayd etdi.
Oltin narxi nega oʻsayotgani haqida batafsil:

22 sentabr kuni jahon bozorida oltin narxi yana bir tarixiy rekord yangiladi. Kundalik savdolarda oltinning eng yuqori narxi bir unsiya uchun $3 726,19 ga yetdi.
Xabar tayyorlanayotgan paytda esa qimmatbaho metall $3 723 dan savdo qilinmoqda. Bir gramm toza oltin esa $120,35 ni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, AQShning dekabr oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari ham 1,4% ga oshib, $3 758,40 darajasiga chiqdi.

Mutaxassislarning fikricha, narxlarning koʻtarilishiga Federal rezerv tizimidan (Fed) yumshoqroq foiz stavkalari siyosati kutilyotgani sabab boʻlmoqda. Bu hafta bir nechta Fed rasmiylari chiqishlari hamda muhim inflyatsiya koʻrsatkichlari eʼlon qilinishi kutilmoqda.
UBS tahlilchisi Jovanni Staunovo oltin narxi bu hafta yana rekord yangilashini aytmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, Fed qoʻshimcha stavka pasaytirishlarini bildirish ehtimoli yuqori, biroq tezlik va hajm boʻyicha qarorlar yangi maʼlumotlarga bogʻliq boʻladi.
Ushbu haftada bir nechta Fed rasmiylari chiqish qilishi kutilmoqda. Seshanba kuni rezerv raisi Jerom Pauell nutq soʻzlaydi va investorlar uning sharhlarini monetar siyosatning kelajak yoʻnalishiga oid ishoralar sifatida diqqat bilan kuzatmoqda.
Shuningdek, juma kuni AQShning asosiy shaxsiy isteʼmol xarajatlari (PCE) narxlari boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, bu kelgusi stavka pasaytirishlarining tezligini belgilashda muhim koʻrsatkich boʻladi.
17 sentabr kuni Fed asosiy stavkani 25 bazaviy punktga tushirib, 4,00–4,25% diapazoniga keltirdi. Investorlar yil yakuniga qadar oktabr va dekabr oylarida ham yana 25 punktlik pasayish boʻlishini kutmoqda.
Soʻnggi paytlarda oltin bozoridagi talab manbalari ham oʻzgarib bormoqda. Avval asosan markaziy banklar va Osiyo mamlakatlari xaridlarni oshirgan boʻlsa, endi Gʻarb investorlarining ham oʻz investitsiya portfeliga oltin qoʻshayotgani kuzatilmoqda. Bu jarayon oltin ETFʼlari hajmining ortishida yaqqol koʻrinmoqda.
Avvalroq Pinkod Goldman Sachs oltin narxi boʻyicha prognozini yangilagani haqida yozgan edi.
Bankning asosiy ssenariysiga koʻra, 2026 yilning oʻrtalarigacha bir unsiya oltin 4 ming dollargacha chiqishi mumkin. Agar Federal zaxira tizimi mustaqilligiga putur yetsa, narx yanada keskin oshib, 5 ming dollargacha yetishi ehtimol sifatida aytilmoqda.