12 413.790 so‘m

decrease

-52.650

14 468.270 so‘m

decrease

-48.900

154.860 so‘m

decrease

-0.560

12 413.790 so‘m

decrease

-52.650

4 kun avval
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda bir hafta ichida 4 ta oltin konidan foydalanish huquqi sotildi

Oʻzbekistonda ketma-ket oʻtkazilgan auksionlarda “Akkazat”, “Temirchi”, “Terekli” va “Pirali” oltin uchastkalari savdoga qoʻyildi. 

Boshlangʻich narxi bir necha milliard soʻm boʻlgan uchastkalar oʻnlab barobar yuqori bahoga sotilgan. 

Ushbu hududlardagi oltin zaxiralari esa 2 tonnadan 6 tonnagacha baholangan.

Oʻzbekistonda bir hafta ichida 4 ta oltin konidan foydalanish huquqi sotildi
Foto: AI / Pinkod.uz

Soʻnggi kunlarda E-auksion platformasida Oʻzbekistondagi qator oltin konlari va uchastkalarida geologik razvedka oʻtkazish huquqi boʻyicha savdolar boʻlib oʻtdi.

15 avgust — “Akkazat” (5 tonna oltin)

Bargi Sabz Import Export kompaniyasi Zarafshon shahridan 68,2 km janubi-sharqda joylashgan, maydoni 926 gektarlik “Akkazat” uchastkasida geologik razvedka oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritdi

Kompaniya 24,92 mlrd soʻm taklif qildi — bu boshlangʻich narx (4,1 mlrd soʻm)dan 6 baravar koʻp. Uchastkaning taxminiy oltin zaxiralari 5 tonna deb baholanmoqda.

Bargi Sabz Import Export 2018 yil 11 aprel kuni Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahrida roʻyxatdan oʻtgan. Asosiy faoliyati — ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari.

Kompaniyaning asoschisi Kamgar Kambiz boʻlib, u Kamgar, Kamgar Gold, Bargi Sabz Termiz, Kam Tur Paradise, East-Yard, KF Best, Grand Hygiene Manufacturing, Poytaxt Village, Ur New Capital, Renaissance Stroy Group, Kam Buildings, Kam Construction, Zayed Music Media Production, Volttech Engineering kabi 10 dan ortiq kompaniyalarda ulushlarga egalik qiladi.

18 avgust — “Temirchi” (6 tonna oltin)

Navoiyning Nurota tumanidagi “Temirchi” oltin konida oʻtkazilgan auksionda Zauris kompaniyasi gʻolib boʻldi. Kompaniya 67,78 mlrd soʻm ($5,4 mln) taklif qildi — bu boshlangʻich narx (4,12 mlrd soʻm)dan 16,5 baravar yuqori.

“Temirchi” uchastkasi Zafarobod qishlogʻidan 26,7 km shimoli-gʻarbda va Navoiy shahridan 35 km shimolda joylashgan. Maydoni 249 gektar boʻlib, 6 tonna (192,9 ming troya unsiyasi) oltin zaxirasiga ega deb baholanmoqda.

Zauris kompaniyasi 2025 yil iyul oyida Toshkentda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, asoschisi va rahbari Feruza Fayziyeva hisoblanadi. U kompaniya ustav kapitalining 100 foizi (10 mln soʻm)ga egalik qiladi. 

Shuningdek, Fayziyeva 2020 yilda tashkil etilgan va moliya bozorlarini boshqarish bilan shugʻullanuvchi Marex Financial kompaniyasida 70% ulushga ega.

19 avgust — “Terekli” (2 tonna oltin)

Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Terekli” uchastkasi uchun savdolar 11 soat 50 daqiqa davom etdi va 377 bosqichdan soʻng yakunlandi. Natijada Toyloq Toza Hudud kompaniyasi 81,79 mlrd soʻm (6,5 mln dollar)lik taklifi bilan gʻolib boʻldi. Bu summa boshlangʻich narxdan (4,12 mlrd soʻm) 19,8 baravar yuqori.

“Terekli” uchastkasi Shaugaz qishlogʻidan 9,6 km janubi-sharqda joylashgan, maydoni 65 gektar boʻlib, taxminiy oltin zaxiralari 2 tonnaga teng.

Kompaniya 2021 yil mart oyida Samarqand viloyati Toyloq tumanida roʻyxatdan oʻtgan. Rasman koʻp qavatli uy-joylarni boshqarish bilan shugʻullanadi. Uning ustav fondi 67,88 mlrd soʻm boʻlib, toʻliq Baxtiyor Marupovga tegishli. 

U, shuningdek, Afrasiab Jeans Textile, Puremilky Products, Pet Agro Oil (77,1%) va Sam Plast Works kabi bir qator kompaniyalarning ham asoschisi sifatida qayd etilgan.

21 avgust — “Pirali” (2,4 tonna oltin)

Navoiyning “Pirali” oltin koni maydoni 99,09 mlrd soʻmga sotildi. Savdolar 23 soat 29 daqiqa davom etib, 461 ta taklifdan soʻng yakunlandi. NBK 111 kompaniyasi gʻolib deb topildi. Bu miqdor boshlangʻich narxdan 24 baravar yuqori.

“NBK 111” 2024 yil may oyida Toshkentda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, rangli metall rudalarini qazib olishga ixtisoslashgan. Ustav kapitali 1,005 mlrd soʻmni tashkil etadi. Kompaniyaning 40 foizi xitoylik investor Chjan Tszanga, qolgan 60 foizi esa Nurmuhammad Poʻlatovga tegishli.

Poʻlatov shuningdek, Jizzaxdagi Quwwatt Group shisha ishlab chiqarish kompaniyasining asosiy aktsioneri (90,7%) va BEEK Electro elektr jihozlari ishlab chiqaruvchisiga toʻliq egalik qiladi.

“Pirali” koni 484 gektar maydonda joylashgan. U Zafarobod qishlogʻidan 20,5 km shimoli-sharqda va Navoiy shahridan 38,5 km uzoqlikda joylashgan boʻlib, 2,4 tonna oltin zaxiralariga ega deb baholanadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+