Instagram doʻstlar uchun umumiy Reels lentasini ishga tushirdi
Yangi funksiya Blend deb nomlanib, u orqali ikki foydalanuvchining qiziqishlariga mos umumiy Reels lentasi shakllantiriladi.

Instagram foydalanuvchilarga oʻzlari va doʻstlari uchun qiziqishlarga moslashtirilgan Reels lentasini yaratish imkonini beruvchi yangi funksiya — Blend’ni taqdim etdi. Bu haqda The Verge xabar berdi.

Yangi funksiyani faollashtirish uchun foydalanuvchi Instagram dagi chat boʻlimiga kirib, yuqori qismda joylashgan audio va video qoʻngʻiroqlar tugmalari yonidagi emojilar belgisini bosishi kerak. Taklif yuborilgach, suhbatdosh uni qabul qilsa, Blend funksiyasi ishga tushadi.
Blend ikki foydalanuvchining qiziqishlariga asoslangan Reels videolarini maxsus algoritm yordamida tanlab tavsiya qiladi. Lenta “Umumiy miks” yaratilgan foydalanuvchi va doʻst uchun moʻljallangan videoroliklardan tashkil topadi. Har bir video tavsiyanoma va yoʻriqnoma bilan birga taqdim etiladi.
Ushbu funksiya orqali foydalanuvchilar oʻzaro shaxsiy Reels makonida kontentni tomosha qilish, baham koʻrish va fikr almashish imkoniga ega boʻladilar. “Mikslar” faqat taklif asosida, yaʼni bir doʻst yoki guruh chatidagi ishtirokchilar bilan yaratiladi. Har bir aralash lenta har kuni yangilanadi va har bir chat oʻziga xos Reels lentasiga ega boʻladi.
Instagram rahbari Adam Mosserining taʼkidlashicha, bu yangilik foydalanuvchilarga oʻz qiziqishlarini doʻstlari bilan baham koʻrish, ularga yaqinroq boʻlish va yangi suhbatlarga zamin yaratish imkonini beradi.
Bundan tashqari, foydalanuvchi Blend lentasidagi videoni oʻz reaksiyasi yoki izohi bilan shaxsiy suhbatga yuborishi ham mumkin. Bunday holatda Instagram sizga maxsus bildirishnoma yuboradi.