11 974.020 so‘m

decrease

-20.080

13 432.460 so‘m

increase

12.260

144.580 so‘m

decrease

-1.210

11 974.020 so‘m

decrease

-20.080

5 soat avval
Bozor
76

Toshkent aeroportida xorijdan olib kirilayotgan telefonlarni rasmiylashtirish vaqtincha toʻxtatildi

Bojxona qoʻmitasi qarorni IMEI kodlarini soxtalashtirishga urinishlar koʻpaygani bilan izohladi. 

Idora ayrim telefonlar 30 kungacha ekspertizaga olib qolinayotgani va bir kunda rasmiylashtirish uchun qoʻshimcha pul soʻralayotgani haqidagi xabarlarga aniq javob bermadi. 

Toshkent aeroportida xorijdan olib kirilayotgan telefonlarni rasmiylashtirish vaqtincha toʻxtatildi
Illyustratsiya: Pinkod.uz

Bojxona qoʻmitasi Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxonada rasmiylashtirish vaqtincha toʻxtatilganini maʼlum qildi. Idora IMEI kodlarini tekshirish va qurilmalar qonuniy olib kirilganini tasdiqlash tartibiga boshqa idoralar bilan birga aniqlik kiritmoqchi. 

Qoʻmitaga koʻra, soʻnggi vaqtlarda bojsiz olib kirish meʼyoridan foydalanish uchun boshqa telefonning IMEI kodini koʻrsatish yoki bitta qurilmaning maʼlumotlari bilan bir nechta telefonni rasmiylashtirishga urinishlar koʻpaygan. Idoraning aytishicha, IMEI-1 va IMEI-2 kodlari bitta qurilmaga tegishlimi va ular orqali telefon avval mobil tarmoqqa ulanganmi — buni aniqlash uchun mutaxassis kerak.

2026 yil boshidan beri “Toshkent-AERO” bojxona kompleksi 185 ta holatda jami 1 185 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishining oldini olgan. Ularning umumiy qiymati 8,8 mlrd soʻmni tashkil etgan.

30 kunlik ekspertiza va qoʻshimcha toʻlov haqida nima deyildi?

Avvalroq Pinkod xorijdan olib kirilgan ayrim iPhone’lar 30 kungacha ekspertiza uchun olib qolinayotgani haqida yozgandi. Foydalanuvchilar telefonni bir kun ichida rasmiylashtirish uchun modeliga qarab 400 dollardan 1 100 dollargacha soʻralayotganini aytgan. 

Qoʻmita bayonotida 30 kunlik muddat va tezlashtirilgan rasmiylashtirish uchun qoʻshimcha toʻlov haqidagi xabarlarga aniq javob berilmagan. Idora rasmiylashtirish tartibiga qisqa muddatda aniqlik kiritilishini aytgan. Yoʻlovchilar rasmiylashtirish boʻyicha savollar yoki korrupsiya holatlari yuzasidan qoʻmitaning kecha-kunduz ishlaydigan 11-08 raqamiga murojaat qilishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+