Z avlodi (zumerlar) tarixdagi eng boy avlodga aylanmoqda — tadqiqot
Prognozlarga koʻra, ularning umumiy daromadi keyingi besh yil ichida 36 trillion dollarga, 2040-yilga kelib esa 74 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.
Z avlodi boyligining manbalari qayerdan keladi va ularning pul sarflash odatlari qanday?

Bank of America tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, Z avlodi yaqin kelajakda dunyodagi eng boy avlodga aylanishi kutilmoqda. Prognozlarga koʻra, ularning umumiy daromadi keyingi besh yil ichida 36 trillion dollarga, 2040-yilga borib esa 74 trillion dollarga yetadi.
Z avlodi kimlar va ularning boyligi qayerdan kelmoqda?
Z avlodi — 1997-2012-yillar oraligʻida tugʻilgan odamlarni ifodalovchi demografik guruh boʻlib, ular “zumerlar” deb ham ataladi. Ushbu avlod raqamli dunyoda ulgʻaygan, texnologiyaga bogʻliqligi yuqori va tez oʻzgaruvchan jamiyatga moslashishga qodir.
Tadqiqot natijalariga koʻra, Z avlodining moliyaviy imkoniyatlari quyidagi asosiy omillar hisobiga oʻsmoqda:
- Meros olish – Baby Boomer’lar (1946-1964 yillarda tugʻilganlar) avlodi katta miqdordagi aktivlarni Z avlodiga qoldirmoqda.
- Yuqori daromadli sohalarga kirish – Z avlodi texnologiya, moliya va tadbirkorlik kabi yuqori daromadli sohalarda faol ishtirok etmoqda.
- Investitsiyaga erta qiziqish – fond bozori, kriptovalyutalar va koʻchmas mulk kabi sohalarga avvalgi avlodlarga qaraganda ancha yoshligidan sarmoya kiritmoqda.
Z avlod pullarni qanday boshqarmoqda?
Moliyaviy imkoniyatlari kengayib borayotganiga qaramay, koʻplab Z avlodi vakillari ota-onalarining yoshligiga nisbatan moliyaviy jihatdan orqada ekanliklarini his qilishadi. Biroq, ularning moliyaga boʻlgan yondashuvi oldingi avlodlardan sezilarli darajada farq qiladi.
Zumerlar jamgʻarma yigʻishdan koʻra, sayyohat, koʻngilochar tadbirlar va shaxsiy rivojlanish kurslariga koʻproq mablagʻ sarflaydi. Shu bilan birga, ular raqamli xizmatlarga katta qiziqish bildirib, asosiy xarajatlarini oqimli (streaming) platformalar, video oʻyinlar va onlayn taʼlim xizmatlariga yoʻnaltiradi. Avvalgi avlodlar bilan solishtirganda, Z avlodi farzand tarbiyasiga ham sezilarli darajada koʻproq mablagʻ ajratadi.
Garchi Z avlodi ulkan boylik orttirayotgan boʻlsa-da, ularning moliyaviy mustaqilligiga taʼsir qiluvchi bir qator muammolar mavjud:
- Uy-joy, taʼlim va tibbiy xizmat narxlarining oshishi – ushbu xarajatlarning keskin koʻtarilishi yoshlarning moliyaviy barqarorligiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
- Ish bozori oʻzgaruvchanligi va inflyatsiya – kelajakdagi moliyaviy xavfsizlikka tahdid soluvchi asosiy omillardan biri.
- Qarz muammosi – kredit kartalariga boʻlgan yuqori talab yoshlar orasida keng tarqalgan tashvishlardan biri hisoblanadi.
Z avlodining moliyaviy kelajagi qanday shakllanishini vaqt koʻrsatadi, ammo ularning hozirgi yondashuvi moliyaviy dunyoning kelgusi yoʻnalishlarini belgilashi aniq.