12 010.450 so‘m

decrease

-13.160

13 200.690 so‘m

decrease

-36.100

145.640 so‘m

increase

0.100

12 010.450 so‘m

decrease

-13.160

8 soat avval
Bank
54

Yevropa Ittifoqi Wildberries asoschisini sanksiyalar roʻyxatiga kiritdi

YeI Kengashi bunga Wildberries orqali Rossiya armiyasi uchun harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan tovarlar sotilishi hamda marketpleysning VTB banki bilan hamkorligini asos qilib koʻrsatdi. 

Wildberries’ning Oʻzbekistondagi shoʻba korxonasi UzPost’dagi 92,9 foizlik davlat ulushining ishonchli boshqaruvchisi sifatida qayd etilgan. 

Yevropa Ittifoqi Wildberries asoschisini sanksiyalar roʻyxatiga kiritdi

Yevropa Ittifoqi Kengashi 16 noyabr kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalar roʻyxatiga 12 kishi va 101 tashkilotni qoʻshdi. Ular orasida Wildberries asoschisi Tatyana Kim ham bor. Qarorga koʻra, uning YeI yurisdiksiyasidagi aktivlari muzlatiladi, unga bevosita yoki bilvosita mablagʻ va iqtisodiy resurslar taqdim etish taqiqlanadi.

Wildberries va Russ’ni birlashtirgan RWB kompaniyasi YeI hududida aktivlari yoʻqligi va u yerda faoliyat yuritmasligini bildirdi. Kompaniya bayonotiga koʻra, sanksiyalar guruh ishiga taʼsir qilmaydi va uning xizmatlari odatdagi tartibda ishlashda davom etadi.

Wildberries’ning “Oʻzbekiston pochtasi”ga qanday aloqasi bor?

“Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlarining 21 sentabrdagi yigʻilishi bayonnomasida Wildberries’ning Oʻzbekistondagi shoʻba korxonasi “WB INT EXPORT” MChJ davlat aksiyalari paketining ishonchli boshqaruvchisi sifatida koʻrsatilgan. Bayonnomada 2025 yil 30 dekabrda tuzilgan shartnomaga havola qilingan. Spot maʼlumotiga koʻra, davlat ulushi kompaniyaga bir yilga ishonchli boshqaruvga berilgan.

Oʻsha yigʻilishda “WB INT EXPORT” taklif qilgan besh nomzodning barchasi UzPost’ning toʻqqiz kishilik kuzatuv kengashiga uch yilga saylangan. 

Davaktiv direktori Sohibjon Murodov 8 oktabrdagi matbuot anjumanida oʻsha paytda ishonchli boshqaruv shartnomasi mavjud emasligini aytgan. Agentlik 14 oktabrdagi bayonotida davlat aksiyador maqomini saqlab turganini va ulushni xususiylashtirish boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilmaganini bildirdi. Bayonotda aksiyadorlar yigʻilishida tilga olingan ishonchli boshqaruv shartnomasining amaldagi holatiga aniqlik kiritilmadi.

UzPost va “WB INT EXPORT” 16 noyabrdagi YeI qarorida alohida sanksiya subʼekti sifatida koʻrsatilmagan. YeI qoidalariga koʻra, roʻyxatga kiritilmagan kompaniyaga cheklovlar tatbiq etilishini baholashda sanksiyadagi shaxsning undagi ulushi va kompaniya qarorlari ustidan nazorati hisobga olinadi.

UzPost’ni davlatga qaytarish kerak — iqtisodchi

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, Tatyana Kimga qarshi sanksiyalardan keyin Davaktiv UzPost boʻyicha kelishuvni qayta koʻrib chiqishi kerak. U Wildberries’ning Oʻzbekistondagi loyihalari orasida aynan milliy pochta operatoriga eʼtibor qaratdi.

“Kompaniyaning oʻz mablagʻi va riski hisobiga ishlayotgan yo qurilayotgan boshqa aktivlari mayli, birinchi navbatda bizni Oʻzbekiston pochtasi xavotirga solishi kerak”, — deya yozdi iqtisodchi.

Bakirov davlat ulushini boshqarish vakolati ochiq tanlovsiz berilganini tanqid qildi. Uning fikricha, sanksiya xavfi davlat aktivini boshqaruvchi kompaniya tanlanayotganda ham, kelishuv tuzilganidan keyin ham hisobga olinishi kerak. Iqtisodchi Davaktivni jamoatchilikka tushuntirish berishga va UzPost’dagi davlat ulushini boshqarish vakolatini davlatga qaytarishga chaqirdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+