Yangi “Oʻrgimchak odam” filmi ilk dam olish kunida $927 mln yigʻdi
Shundan $355 mln AQSh va Kanada, $572 mln esa xalqaro bozorlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu natija filmni kino tarixidagi ikkinchi eng yirik global start sohibi qildi.

Sony va Marvel’ning “Oʻrgimchak odam: Yangi kun” filmi jahon prokatida $927 mlnlik debyut qayd etdi. Shundan $355 mln AQSh va Kanada, $572 mln esa boshqa xalqaro bozorlardagi namoyishlardan tushgan. Bu kino tarixidagi ikkinchi eng yirik global start boʻldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, film 31 iyuldan 2 avgustgacha AQSh va Kanadadagi 4 487 ta kinoteatrda $355 mln ishlab topgan. Har bir kinoteatrga oʻrtacha $79,1 mingdan tushum toʻgʻri kelgan.
Bu koʻrsatkich 2019 yilda $357,1 mlnlik debyut qayd etgan “Qasoskorlar: Intiho” natijasidan bor-yoʻgʻi $2,1 mln yoki 0,6 foizga kam. Global bozorda ham “Oʻrgimchak odam: Yangi kun” faqat ilk dam olish kunida $1,22 mlrd yigʻgan “Qasoskorlar: Intiho”dan ortda qolmoqda.
Yangi film Tom Holland ishtirokidagi oldingi “Oʻrgimchak odam: Uyga yoʻl yoʻq” natijasini sezilarli darajada yaxshiladi. 2021 yilda chiqarilgan film AQSh va Kanadada $260,1 mln, butun dunyoda esa qariyb $600 mlnlik start qayd etgan edi. Shu tariqa, “Oʻrgimchak odam: Yangi kun”ning ichki bozordagi debyuti 36,5 foizga, global tushumi esa qariyb 54,5 foizga yuqori boʻldi.
Umumiy tushumning 61,7 foizi xalqaro bozorlarga toʻgʻri kelgan. Xitoyning oʻzida film $121 mln yigʻdi — bu xorijiy tushumning qariyb beshdan bir qismi degani.
Film atigi bir necha kun ichida 2026 yilning eng koʻp daromad qilgan filmlari orasida toʻrtinchi oʻringa chiqdi. Hozircha undan “Oʻyinchoqlar tarixi 5” — $1,07 mlrd, “Maykl” — $1,02 mlrd va “Super Mario galaktikasi” — $1,01 mlrd natija bilan oldinda turibdi. “Oʻrgimchak odam: Yangi kun” uchinchi oʻringa chiqishi uchun yana qariyb $84,5 mln yigʻishi kerak.
Shu bilan birga, $927 mlnlik raqam filmning yakuniy natijasi emas. “Oʻrgimchak odam: Uyga yoʻl yoʻq” oʻz prokati davomida jami $1,92 mlrd ishlab topgan edi. Yangi filmning uzoq muddatli natijasi esa keyingi haftalardagi tushumning qanchalik keskin pasayishiga bogʻliq boʻladi.
Maʼlumot uchun, film Oʻzbekistonda 6 avgustdan boshlab namoyish etiladi. Uni kinoteatrlarda oʻzbek, ingliz va rus tillarida tomosha qilish mumkin.









