11 963.160 so‘m

increase

49.810

13 390.360 so‘m

increase

61.700

142.330 so‘m

decrease

-0.060

11 963.160 so‘m

increase

49.810

31 daqiqa avval
Bank
42

Yangi nom, yangi boshqaruv va kuzatuv kengashi aʼzolari: Davr Bank’da korporativ oʻzgarishlar boʻldi

Davr Bank aksiyadorlari bank nomini “ABB Davr Bank” AJga oʻzgartirish, kuzatuv kengashini toʻliq yangilash hamda boshqaruvga Ozarbayjonning ABB banki vakillarini kiritishni maʼqulladi. Oʻzgarishlar ABB Davr Bank’ning 51 foiz ulushini 1,6 trln soʻmga sotib olganidan bir oy oʻtib amalga oshirilmoqda.

Yangi nom, yangi boshqaruv va kuzatuv kengashi aʼzolari: Davr Bank’da korporativ oʻzgarishlar boʻldi

Davr Bank aksiyadorlarining 9 oktabr kuni oʻtkazilgan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida bankning yangi tahrirdagi ustavi tasdiqlandi. Shuningdek, firma nomini “ABB Davr Bank” aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Biroq yangi nom hozircha rasman kuchga kirgani yoʻq. U bank ustavi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab qoʻllanadi. Bank kundalik faoliyatida “ABB Davr” tijorat belgisidan foydalanadi, boshqaruv esa uni tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.

Kuzatuv kengashi toʻliq yangilandi

Aksiyadorlar Davr Bank kuzatuv kengashining amaldagi besh nafar aʼzosi vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Kengash tarkibidan bank asoschisi va kengash raisi Lutfulla Ubayev, shuningdek, Mirkodir Mirzayatov, Atxam Alimov, Ozoda Abdurahmonova hamda Shavkat Gʻiyosov chiqarildi.

Yangi kuzatuv kengashi uch yil muddatga quyidagi tarkibda saylandi:

  • Talex Tahirli;
  • Agshin Amirov;
  • Shafag Hasanova — mustaqil aʼzo;
  • Said Abdunabiyev — mustaqil aʼzo;
  • Farhod Roziyev — mustaqil aʼzo.

Talex Tahirli va Agshin Amirov ABB boshqaruvi raisining oʻrinbosarlari hisoblanadi. Ular avvalroq Markaziy bank bilan Davr Bank’ni sotib olish hamda uni rivojlantirish rejalariga bagʻishlangan muzokaralarda ham qatnashgan. 

Yangi kuzatuv kengashi raisi uning birinchi yigʻilishida aʼzolar orasidan saylanadi. Mustaqil uch nafar aʼzoga oyiga jami 180 mln soʻm haq toʻlanishi belgilandi.

Boshqaruvga ABB vakillari kirdi

Bank boshqaruvi tarkibidan rais oʻrinbosari Ravshan Tojiyev va Alisher Qurbonov chiqarildi. Ularning oʻrniga Aynur Sulaymanli hamda Geybat Gadirov boshqaruv raisi oʻrinbosarlari etib tayinlandi.

Natijada boshqaruv quyidagi tarkibda tasdiqlandi:

  • Abdumajid Samadov — boshqaruv raisi;
  • Aynur Sulaymanli — rais oʻrinbosari;
  • Geybat Gadirov — rais oʻrinbosari;
  • Samarjon Nazarov — rais oʻrinbosari.

Yangi kuzatuv kengashi va boshqaruv aʼzolari nomzodlari Markaziy bank bilan kelishilib, ular lavozimga kirishganidan keyin avvalgi rahbarlarning vakolatlari yakunlanadi. Ungacha amaldagi aʼzolar oʻz vazifalarini bajarishda davom etadi.

ABB bank nazoratini qanday qoʻlga kiritgan?

Ozarbayjonning ABB banki 10 sentabr kuni Toshkent fond birjasida Davr Bank’ning 51 mln dona oddiy aksiyasini sotib olgan. Bitim qiymati 1,646 trln soʻm yoki qariyb 140 mln dollarni tashkil etgan.

Natijada ABB bank kapitalidagi 51 foizlik nazorat paketiga ega boʻldi. Davr Bank’ning qolgan aksiyalari avvalgi aksiyadorlarda saqlanib qoldi.

Xariddan keyin S&P Davr Bank’ning uzoq muddatli kredit reytingini “B”dan “B+”ga oshirdi va “barqaror” prognozini belgiladi. Agentlik buni zarurat tugʻilganda bank ABB moliyaviy guruhidan yordam olishi mumkinligi bilan izohlagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+