Yangi iPhone 17 modellari haqida barcha mavjud maʼlumotlar
Apple kompaniyasi iPhone 17 smartfonlarini yaqin haftalarda taqdim etishi kutilmoqda.
2025 yilgi modellar dizayn, texnik jihatlar va funksional imkoniyatlar borasida sezilarli yangiliklar bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Pinkod yangi smartfonlarning narxlari, asosiy xususiyatlari va rasmiy taqdimot sanasi haqida batafsil material tayyorladi.

Bir necha hafta ichida Apple iPhone 17 seriyasini rasman taqdim etadi. 2025 yilgi iPhone modellarii ichki va tashqi oʻzgarishlar hamda yangi ultra yupqa modelni oʻz ichiga olishi kutilmoqda.
Pinkod Macworld va boshqa turli manbalar orqali yangi iPhone modellari haqidagi mavjud maʼlumotlarni jamladi.
iPhone 17 chiqish sanasi
Yangi iPhone’lar deyarli har doim sentabr oyida Apple tadbirida eʼlon qilinadi. Bu tadbir odatda sentabrning ikkinchi haftasida seshanba kuni oʻtkaziladi. Bundan kelib chiqib, iPhone 17 seriyasi 2025 yil 9 sentabr atrofida boʻlib oʻtadigan tadbirda eʼlon qilinishini kutish mumkin.
Soʻnggi modellar chiqish sanalari:
- iPhone 16: 2024 yil 9 sentabr
- iPhone 15: 2023 yil 12 sentabr
- iPhone 14: 2022 yil 7 sentabr
- iPhone 13: 2021 yil 14 sentabr
- iPhone 12: 2020 yil 13 oktabr (Covid tufayli kechiktirilgan)
Odatda, iPhone uchun oldindan buyurtmalar eʼlon qilinganidan keyingi juma kuni boshlanadi va telefonlar bir hafta oʻtgach sotuvga chiqariladi. Baʼzida ishlab chiqarish muammolari tufayli baʼzi modellar bir necha hafta kechroq yetkazib berilishi mumkin. Shunday qilib, oldindan buyurtmalar 12 sentabr atrofida, sotuv esa 19 sentabrdan boshlanishi kutilmoqda.
iPhone 17 narxi
iPhone 17 narxlari hozircha rasman tasdiqlanmagan. Ayni vaqtda mavjud boʻlgan iPhone 16e 599 dollardan, iPhone 16 esa 799 dollardan boshlanadi.
Avvalgi yillardagi Plus, Pro va Pro Max modellari asosida narxlar jiddiy oʻzgarishga uchramasligi mumkin. Biroq bu yilgi yangi "iPhone 17 Air" ultra yupqa modeli narx siyosatiga taʼsir qilishi ehtimoldan xoli emas. Koʻpchilik mutaxassislar bu model hozirgi Plus variantining oʻrnini egallaydi, deb hisoblamoqda.
Shu asosda, iPhone 17 seriyasi uchun taxminiy narxlar quyidagicha boʻlishi mumkin:
- iPhone 17: 6.27 dyuym LTPO displey, A chip, 8GB RAM, 128GB xotira – $799
- iPhone 17 Air: 6.65 dyuym LTPO displey, A chip, 8GB RAM, 128GB xotira – $899
- iPhone 17 Pro: 6.27 dyuym LTPO displey, A19 Pro chip, 12GB RAM, 256GB xotira – $999
- iPhone 17 Pro Max: 6.86 dyuym LTPO displey, A19 Pro chip, 12GB RAM, 256GB xotira – $1,199
Analitiklarning fikriga koʻra, tariflar tufayli iPhone 17 seriyasida $50 koʻtarilish boʻlishi ehtimoli ham mavjud.
iPhone 17 ranglari
iPhone 17 seriyasi avvalgi avlodlarga qaraganda kengroq rang palitrasiga ega boʻladi. Ichki hujjatlardan olingan Pantone ranglari:
iPhone 17
- Qora (iPhone 16 bilan bir xil)
- Oq (iPhone 16 bilan bir xil)
- Poʻlat koʻm-koʻk (Pantone 18-4005-TPG)
- Yashil (Pantone 2282 U)
- Binafsha (Pantone 530 U)
- Och koʻk (Pantone 658 U)

iPhone 17 Air
- Qora (iPhone 16 bilan bir xil)
- Oq (iPhone 16’dan yorqinroq/sovuqroq)
- Och koʻk (Pantone 657 U)
- Och oltin (Pantone 11-0604 TPG Gardenia)
iPhone 17 Pro / Pro Max
- Qora (iPhone 16 Pro bilan bir xil)
- Oq (iPhone 16 Pro bilan bir xil)
- Koʻm-koʻk (Natural Titanium’ga oʻxshash)
- Toq koʻk (Pantone 19-4025 TPG Mood Indigo)
- Toq sariq (Pantone 1501243 TCX Papaya)
iPhone 17 modellari kamerasi
Yangi iPhone 17 modellarida oldingi kamera 24MP boʻladi (hozirgi 12MP oʻrniga). Bu selfilar sifatini va 2x zoom’ni yaxshilaydi.
iPhone 17 Pro modeli esa 48MP telefoto kamera bilan taqdim etiladi. U 3.5x zoom (85mm) va 12MP 7x crop zoom imkoniyatiga ega boʻladi.

Bundan tashqari, ayrim modellarda mexanik diafragma boʻlishi mumkin. Bu orqali foydalanuvchi yorugʻlikni qoʻl bilan boshqaradi – yaʼni chuqurlik va fokus nazorati kuchayadi.
Yangi “kamera paneli” dizayni – iPhone 17 Pro va Air modellari uchun toʻliq orqa panelni egallaydi. Oddiy iPhone 17 esa ikki kamerali vertikal modulli boʻladi.
Yaqinda chiqqan sizintilarga koʻra, iPhone 17 Pro modeli 8x telefoto zoom imkoniyatiga ega boʻladi va pro darajadagi kamera ilovasi ham qoʻshiladi. Hatto yangi kamera boshqaruv tugmasi ham boʻladi.
iPhone 17 Air
Yangi iPhone 17 Air modeli avvalgi mavjud Plus variantining oʻrnini egallashi va ancha yupqaroq dizayn hamda kattaroq displey bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Koʻplab tahlilchilar bu modelni "Slim" nomi bilan atashmoqda. U hozirgi Plus modelidan ancha yupqa va katta ekranli boʻladi. Biroq bu yupqa korpus akkumulyator sigʻimining kamayishiga olib keladi. Yangi modelda taxminan 2800 mA/s sigʻimga ega batareya qoʻllanilishi kutilmoqda. Bu iPhone 16’dagi akkumulyatorlarga nisbatan 20 foiz kam.
iPhone 17 Air qalinligi atigi 6,25 mm boʻlib, narxi iPhone 16 Plus bilan bir xil — 899 AQSh dollaridan boshlanishi rejalashtirilgan. Baʼzi tahlilchilarning fikricha, uning eng yupqa joyi atigi 5,5 mm boʻladi. Biroq bu raqam qaysi qismga taalluqli ekani haqida hozircha aniq maʼlumot yoʻq.
iPhone 17 Air modeli A19 yoki A19 Pro chipiga ega boʻlishi mumkin. Qurilma orqa tomonida faqat bitta 48 megapikselli kamera boʻladi, old kamerasi esa barcha iPhone 17 modellari kabi 24 megapiksel boʻladi.
YouTube’dagi Unboxed Therapy kanalida bu modelning uchinchi tomon ishlab chiqargan maketi taqdim etildi. Bu video ayni paytgacha yangi model dizayniga eng aniq nazar boʻlishi mumkin.
Shuningdek, iPhone 17 Air korpusi titan materialidan tayyorlanishi kutilmoqda, boshqa modellarda esa alyuminiy ishlatiladi. Bu tanlov telefonning yupqa boʻlishiga qaramay, mustahkamligini saqlab qolish uchun qilinayotgan boʻlishi mumkin.
iPhone 17 xususiyatlari: yangi iPhone qanday yangiliklar bilan chiqadi?
Batareya
- iPhone 17 Air modelida batareya sigʻimi taxminan 2800 mA/soat boʻladi. Bu, ayniqsa, ultra-yupqa dizayn sababli, avvalgi modellarga qaraganda kichikroq hisoblanadi.
- iPhone 17 Pro Max esa 5000 mA/soat sigʻimli batareyaga ega boʻladi. Bu Apple tarixidagi eng katta batareya boʻlib, iPhone 16 Pro Max’ga nisbatan taxminan 8% koʻproq quvvat beradi.
Displey
- Always-On Display funksiyasi ilk bor non-Pro (oddiy) modellarda ham qoʻllanilishi mumkin.
- Oddiy modellarda 120Hz yangilanish tezligi boʻladi, ammo u ProMotion’dagi kabi adaptiv boʻlmaydi.
- Apple, shuningdek, Corning kompaniyasi bilan hamkorlikda aks ettirmaydigan va tirnalishga chidamli yangi oynani ishlab chiqmoqda. Avvaliga bu texnologiya iPhone 17’ga ulgurmasligi aytilgan edi, ammo iyul oyidagi soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bu oyna kamida iPhone 17 Pro modellarida boʻlishi mumkin.
Protsessor
- iPhone 17 qatorida qanday chip ishlatilishi hozircha aniq emas. Biroq yuqori darajadagi modellarda A19 Pro, oddiy modellarda esa A19 yoki A18’ning kuchaytirilgan versiyasi ishlatilishi kutilmoqda.
- Pro modellarda issiqlikni samarali tarqatish uchun bugʻli sovitish tizimi (vapor chamber) boʻlishi mumkin.