12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

14 107.450 so‘m

increase

51.900

150.180 so‘m

increase

4.560

12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

20-fevral, 11:50
Iqtisodiyot

Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻrnini tobora mustahkamlamoqda

Xitoy hozirda Oʻzbekistonning eng yirik investori va savdo hamkori boʻlib, ushbu davlat kapitali mavjud korxonalar soni oʻtgan yili 44 foizga koʻpaydi.

Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻrnini tobora mustahkamlamoqda
Foto: AI / Pinkod.uz

Soʻnggi yillarda Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotiga eng yirik investor va savdo hamkorlaridan biri sifatida oʻz oʻrnini yanada mustahkamlab bormoqda. 2024 yilga oid statistik maʼlumotlar buni yaqqol isbotlaydi.

Oʻzbekistonga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 493,7 trillion soʻmni (taxminan 38,1 milliard dollar) tashkil etadi. Ushbu sarmoyalarning katta qismi Xitoyga tegishli boʻlib, u jami xorijiy investitsiyalarning chorak qismidan koʻprogʻi yoki $10,6 mlrdlik qismini egallaydi. Rossiya esa 13,2 foizlik ulush bilan ikkinchi oʻrinda turibdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda xorijiy kapitalga ega boʻlgan korxonalar soni boʻyicha ham Xitoy yetakchi boʻlib, hozirda mamlakatda 3 467 ta ushbu mamlakat kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 44 foizga oʻsgan.

Xitoyning Oʻzbekiston bilan tashqi savdo aloqalaridagi ulushi 18,9 foizni tashkil qiladi. Bu koʻrsatkich Xitoyni mamlakatning eng yirik savdo hamkoriga aylantirgan. Raqamlar jihatidan Oʻzbekiston 2024 yilda 198 ta davlat bilan jami $65,9 mlrdlik savdo aloqalarini amalga oshirgan. Davlatlar kesimida Xitoy $12,5 mlrd bilan oldinda bormoqda. $11,6 mlrdlik savdo aylanma qilgan Rossiya esa ikkinchi oʻrinni egallagan.

2024 yilda Oʻzbekistonga jami 74,7 mingta yengil avtomobil import qilingan boʻlib, shundan 61 mingtasi Xitoyga tegishli. Elektromobillar bozorida esa Xitoy yaqqol yetakchi boʻlib, mamlakatga elektromobillarning 99 foizi Xitoydan kirib kelmoqda.

Mobil telefonlar importida ham xuddi shunday tendensiya kuzatilmoqda. 2024 yilda mamlakatga 4,2 million dona mobil telefon import qilgan boʻlsa, shundan 3,4 millioni Xitoy mahsulotlariga toʻgʻri keladi. Statistik maʼlumotlarga qarab chiqilsa, Xitoy yetakchi boʻlgan yana koʻplab bunday sohalarni topish mumkin.

Tahlilchi Timurmalik Elmuradov, Turkiya, Yevropa, Rossiya va AQSh oʻz muammolari bilan ovora boʻlgan bir paytda, Xitoy sekin-asta Markaziy Osiyodagi oʻz taʼsirini kengaytirayotganligini taʼkidladi.

Avvalroq, AQSh xalqaro taraqqiyot dasturi — USAID yopilishini eʼlon qilgan edi. Ushbu tashkilot 2024 yilda Markaziy Osiyoga $160 mln, Oʻzbekistonga esa qariyb $40 mln yordam ajratgan.

Bloomberg tahlilicha, bu oʻzgarish Xitoy va boshqa davlatlarga global miqyosda taʼsirni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xitoy 2018 yilda xalqaro yordam uchun yangi tashkilot tuzgan boʻlib, Afrika va Osiyo davlatlariga infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun kreditlar ajratmoqda. AQSh global yordamni qisqartirishi ortidan Xitoyning bunday dasturlarni kengaytirishi kutilmoqda.

Tashkilot yopilishining Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga taʼsiri haqida batafsil bu yerda oʻqish mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+