2025 yilda davlat OTMlari qancha daromad oldi?
Jami daromad boʻyicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti birinchi oʻrinni egallab, 909,5 mlrd soʻm tushum qayd etdi.
Sof foyda boʻyicha esa Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti 77,7 mlrd soʻm natija bilan yetakchilik qildi.
Navoiy davlat pedagogika instituti esa 93,8 mlrd soʻm zarar qayd etib, eng koʻp manfiy balans qayd etgan muassasa boʻldi.

2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistondagi davlat oliy taʼlim muassasalarining jami daromadi 12 trln soʻmni tashkil etdi. Hisobot matni Pinkodʼda mavjud.
Daromadlarning asosiy qismi toʻlov-shartnoma tushumlari hisobiga shakllangan. Ularning hajmi 7,8 trln soʻm boʻlib, bu umumiy daromadning 64,84 foiziga teng.
Davlat byudjeti ajratmalari esa 3,6 trln soʻmni tashkil etib, jami daromadning 30,04 foizini taʼminlagan.
Bundan tashqari, rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 614,6 mlrd soʻm tushum qayd etilgan. Bu umumiy daromadning 5,12 foiziga toʻgʻri keladi.
Shu bilan birga, 2025 yilda davlat OTMlarining jami xarajatlari 12,3 trln soʻmni tashkil etgan. Bu daromadlardan taxminan 2,5 foizga koʻproq boʻlib, tizim boʻyicha kichik miqdorda manfiy saldo yuzaga kelgan.
Eng koʻp daromad olgan TOP-10 universitet

2025 yilda Toshkent davlar iqtisodiyot universiteti davlat OTMlari orasida eng koʻp daromad qilgan universtitet boʻldi – 909,49 mlrd soʻm. Kuchli uchlikdan Milliy (650 mlrd soʻm) va Qoraqalpoq davlat universiteti (571 mlrd soʻm) joy oldi.
Eng koʻp sof daromad olgan OTMlar

Moliyaviy samaradorlik nuqtai nazaridan qaralganda, eng katta sof foyda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida qayd etilgan — 77,7 mlrd soʻm. Undan keyin Qarshi davlat texnika universiteti (57,8 mlrd soʻm) va Andijon davlat texnika instituti (33,8 mlrd soʻm) joylashgan.
Eng koʻp zarar koʻrgan OTMlar

Biroq ayrim universitetlar yilni zarar bilan yakunlagan. Eng katta manfiy natija Navoiy davlat pedagogika institutida kuzatilgan — 93,8 mlrd soʻm zarar. Shuningdek, Qoʻqon davlat pedagogika instituti (73,7 mlrd soʻm) va Namangan davlat universiteti (64,7 mlrd soʻm) ham katta zarar qayd etgan OTMlar qatorida.









