UZCARD’ning yarim yillik sof foydasi 52,7 foizga oshib, 621,6 mlrd soʻmni tashkil etdi
Bank tizimi bilan taqqoslaganda, Oʻzbekistondagi 36 ta bankdan faqatgina 3 tasi yarim yillikni UZCARD’dan yuqoriroq foyda bilan yakunlagan.

UZCARD toʻlov tizimi 2025 yil yanvar–iyun oylariga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi. Unga koʻra, kompaniya sof foydasi sezilarli darajada oshgan.
Auditlanmagan MHXS maʼlumotlariga koʻra, UZCARD’ning 2025 yilning birinchi yarmidagi sof foydasi 621,6 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 52,7% yuqori. Oʻtgan yilning shu davrida kompaniya 406,9 mlrd soʻm sof foyda qayd etgan edi.
Eʼtiborli jihati shundaki, UZCARDʼning sof foydasi moliyaviy sektordagi koʻplab yirik banklarnikidan ham yuqori boʻldi.
Faqatgina uchta bank — Oʻzbekiston Milliy banki, Oʻzsanoatqurilishbank va Hamkorbank sof foyda boʻyicha UZCARDʼdan yuqori natija koʻrsatgan.
Hisobot davrida sof tushum 68,7 foizga oshib, 953,3 mlrd soʻmni tashkil etdi, operatsion foyda esa 59,7 foizga koʻtarilib, 636,4 mlrd soʻmga yetdi.
Shu bilan birga, foyda soligʻi boʻyicha xarajatlar 3,3 mlrd soʻmdan 3,1 mlrd soʻmga qisqargan.
Kompaniyaning jami aktivlari esa 35,6 foizga oshib, 997,3 mlrd soʻmni tashkil qildi.
Kap Depo maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning birinchi yarim yilligida UZCARD sof foydaning bir qismini dividend sifatida taqsimladi. Bu maqsad uchun 300 mlrd soʻm yoʻnaltirilib, har bir aksiya uchun 6 000,14 soʻm dividend toʻlangan.