Toshkentda 4 kishilik oila uchun ijarasiz yashash xarajatlari 23 million soʻmga tushadi
Agar shaxs bir oʻzi yashasa bu koʻrsatkich 6,4 million soʻm atrofida boʻladi. Toshkentdagi yashash qiymati Nyu-York bilan solishtirganda 72,2% arzonroq, ijara narxlari esa 84,5% past.

Toshkentda toʻrt kishilik oilaning oʻrtacha oylik yashash xarajatlari, ijarani hisobga olmaganda, taxminan 23 million soʻmni tashkil qiladi. Bu haqda Numbeo portalida keltirib oʻtilgan.
Agar shaxs bir oʻzi yashasa bu koʻrsatkich 6,4 million soʻm atrofida boʻladi. Shu bilan birga, Toshkentdagi yashash qiymati Nyu-York bilan solishtirganda 72,3% arzonroq, ijara narxlari esa 84,2% past.
Markaziy Osiyo shaharlarini solishtirganda, Olmaota eng qimmat shahar sifatida ajralib turadi. Numbeo reytingiga koʻra, Olmaotadagi yashash qiymati indeksi 29,4 punktni tashkil qilib, dunyo boʻyicha 346-oʻrinni egallagan. Bishkek 26,8 punkt bilan 364-oʻrinda, Astana 26,5 punkt bilan 366-oʻrinda, Toshkent esa 26,2 punkt bilan 370-oʻrinda joylashgan. Tojikiston va Turkmaniston shaharlari esa reytingga kiritilmagan.
Toshkentdagi yashash xarajatlari (ijarani ham qoʻshib hisoblaganda) Olmaotadagiga nisbatan 3,8% past, ammo ijara narxlari Olmaotadagiga nisbatan 4,6% yuqori. Shu bilan birga, dunyoning eng qimmat shaharlaridan biri boʻlgan Syurix bilan solishtirganda, Toshkentdagi yashash xarajatlari ijarasiz 76,4%, ijara bilan birga 77% past.
Dunyoning eng qimmat shaharlari reytingida Shveysariyaning oltita shahri yuqori oʻrinlarni egallagan: Syurix (112,5), Jeneva (111,4), Bazel (110,7), Lozanna (110,5), Lugano (108,4) va Bern (103,4). Ushbu shaharlar Nyu-Yorkga nisbatan 3,4–12,5% qimmatroq hisoblanadi.
Shuningdek, yashash uchun eng arzon shaharlar asosan Hindiston va Pokistonda joylashgan. Eng arzon oʻntalikka Hindistonning oltita shahri, Pokistonning uchta shahri va Liviyaning bitta shahri kiradi.