Toshkent supermarketlarida baʼzi oziq-ovqat mahsulotlari narxi arzonladi
Fevralda eng koʻp arzonlashish kartoshkada kuzatilgan boʻlsa, bodring narxi 30 foizga qimmatlagan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan 2025 yil fevral oyida Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda 21 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari monitoringi oʻtkazildi.
Olingan natijalar baʼzi mahsulotlar narxida pasayish kuzatilganini, ayrimlarida esa narxning oshganligini koʻrsatdi. Bir qator mahsulotlarning narxi esa oʻzgarishsiz qolgan.
Monitoring natijalariga koʻra, 6 nomdagi oziq-ovqat mahsuloti minimal narxlari pasaygan. Xususan, kartoshkaning minimal narxi 26,1 foizga, qizil sabzi 11,3 foizga, lavlagi 8,2 foizga, tuxum 7,8 foizga, sut 0,9 foizga va shakar narxi 0,4 foizga arzonlashgan.
Pasayishning asosiy sababi bozor holati va import bilan bogʻliq omillar hisoblanadi. Jumladan, oʻtgan oyda kartoshka narxi sezilarli darajada oshgani sababli Pokistondan kartoshka import qilindi. Import hajmining oshishi ichki bozorda oʻtgan oy keskin koʻtarilgan kartoshka narxining pasayishiga olib keldi.
8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining minimal narxlari esa oʻtgan oyga nisbatan oshgan. Bunda mavsumiy omillar muhim rol oʻynadi. Ayniqsa, oqbosh karam narxi keskin oshdi. Bu odatiy mavsumiy holat boʻlib, bahor mavsumi yaqinlashgani sari baʼzi sabzavotlar narxining oʻsishi kuzatiladi. Shuningdek, bodring narxi ham oshgan boʻlsa-da, u oʻtgan yilning ayni davridagi narxlarga nisbatan 30 foizga arzonroq boʻlgan.
Monitoring jarayonida 7 turdagi mahsulotlar narxi oʻzgarishsiz qolgan. Bular bugʻdoy uni, guruch, grechka, makaron, olma, banan va tovuq goʻshti (file)dir.
Avvalroq, yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 2023 yil dekabrdan beri eng yuqori oylik oʻsish koʻrsatkichiga yetgani xabar qilingan edi.