“Toshkent” fond birjasida tarixda ilk bor valyutadagi korporativ obligatsiyalar savdosi boshlandi
28-sentabrdan birjada jami $30 mlnlik dollarda nominallangan korporativ obligatsiyalar muomalaga kiritildi. Asia Alliance Bank emissiyasi $20 mln, Universalbankniki esa $10 mlnni tashkil etadi. Bu “Toshkent” RFB kotirovka roʻyxatiga xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalar birinchi marta kiritilishi hisoblanadi.

“Toshkent” Respublika fond birjasida 28 sentabrdan xorijiy valyutada nominallangan korporativ obligatsiyalar bilan savdolar boshlandi. Birja tarixida bunday instrumentlar ilk bor kotirovka varagʻiga kiritildi.
Birinchi emitentlardan biri Asia Alliance Bank boʻldi. Bank umumiy qiymati $20 mln boʻlgan 200 mingta obligatsiya chiqardi. Har bir obligatsiyaning nominal qiymati $100, muomala muddati uch yil yoki 1 095 kun etib belgilangan.
Asia Alliance Bank obligatsiyalari boʻyicha kupon stavkasi yillik 7%ni tashkil etadi va daromad har chorakda toʻlanadi. Qimmatli qogʻozlar birjada AAB1B3U tikeri ostida savdo qilinadi.
Universalbank esa umumiy qiymati $10 mln boʻlgan 100 mingta obligatsiya chiqardi. Ularning ham nominal qiymati $100, biroq muomala muddati ikki yil yoki 730 kunni tashkil etadi.
Universalbank obligatsiyalarining kupon stavkasi Asia Alliance Banknikidan 1,5 foiz punkt yuqori — yillik 8,5%. Kuponlar har chorakda toʻlanadi. Obligatsiyalar UNVB1B2U tikeri bilan muomalaga chiqarilgan.
Shu tariqa, ikki bank tomonidan mahalliy kapital bozoriga jami $30 mlnlik yangi instrument chiqarildi. Agar barcha obligatsiyalar toʻliq joylashtirilsa, banklar bir yil davomida investorlariga kupon sifatida jami qariyb $2,25 mln toʻlaydi: Asia Alliance Bank boʻyicha $1,4 mln, Universalbank boʻyicha esa $850 ming.
Qiziq jihati, muddati qisqaroq boʻlgan Universalbank obligatsiyalari yuqoriroq stavka taklif qilmoqda. Uch yillik Asia Alliance Bank qogʻozlari 7% daromad bersa, ikki yillik Universalbank obligatsiyalarida bu koʻrsatkich 8,5%ni tashkil etadi.
Valyutadagi korporativ obligatsiyalarni chiqarish imkoniyati prezidentning 2025 yil 18 dekabrdagi PF–254-son farmoni bilan yaratildi. Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston rezidentlari boʻlgan kompaniyalar obligatsiyalar nominalini xorijiy valyutada belgilashi, ularni mahalliy fond birjasida joylashtirishi va obligatsiyalar bilan bogʻliq hisob-kitoblarni ham xorijiy valyutada amalga oshirishi mumkin.









