TOP-300 universitetlarga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi
Oʻzbekistonda QS va Times Higher Education reytinglarida Top-300 talikka kirgan xorijiy universitetlarda tahsil olish istagidagi yoshlar va pedagoglarga imtiyozli taʼlim krediti beriladi. Bir oʻquv yili uchun 20 ming dollargacha ajratiladigan kreditni talabalar oʻqish tugaganidan 7 oy oʻtgach, 7 yil davomida qaytarishi mumkin.

Oʻzbekistonda jahonning Top-300 taligiga kirgan xorijiy universitetlarda tahsil olish istagidagi yoshlar va pedagoglar uchun imtiyozli taʼlim krediti ajratish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda tegishli nizom hukumat qarori bilan qabul qilindi.
Hujjatga koʻra, imtiyozli taʼlim kreditlari Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi hamda ularni berish va qaytarish tartibi belgilab berilgan.
Kredit Quacquarelli Symonds (QS) yoki The Times Higher Education (THE) reytinglarida Top-300 talikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan yoshlar va pedagoglarga beriladi.
Taʼlim krediti bakalavriat va magistratura dasturlarida tahsil olish uchun ajratiladi. Uning maksimal miqdori bir oʻquv yili uchun 20 ming dollargacha boʻlib, mablagʻ milliy valyutada taqdim etiladi.
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan keyin 7 oy oʻtgach boshlanib, 7 yil davomida qaytariladi.
Kredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
- ariza;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- taklifnoma-xat (1-kurs talabalari uchun);
- akademik oʻzlashtirish natijalari (2-kursdan boshlab);
- toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha shartnoma va OTM bank rekvizitlari koʻrsatilgan invoys;
- birgalikda qarz oluvchilarning soʻnggi 12 oylik daromadlari toʻgʻrisida maʼlumot;
- mehnat daftarchasidan koʻchirma (30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun).
Taʼlim krediti boʻyicha foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi — 14 foiz miqdorida belgilangan.









