Telegram minglab foydalanuvchilarning maʼlumotlarini turli davlatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etgan
Messenjer birgina AQSh hukumatiga 3 oy davomida avvalgidan 21 barobar koʻproq foydalanuvchilar maʼlumotlarini oshkor qilgan.
Telegram asoschisi Pavel Durov hibsga olinganidan beri dunyo boʻylab huquqni muhofaza qiluvchi organlarga avvalgidan koʻproq miqdordagi foydalanuvchilar maʼlumotlarini taqdim etmoqda.
Messenjer tomonidan yaqinda eʼlon qilingan hisobotga koʻra, birgina Amerika huquq kuchlari tomonidan yuborilgan 900 murojaat natijasida 2 253 nafar foydalanuvchining shaxsiy IP manzillari va/yoki telefon raqamlari organlarga berilgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning 1 yanvaridan 30 sentabrigacha Telegram atigi 14 ta shunday soʻrovni koʻrib chiqqan edi.
Avgust oyida Durov Fransiyada hibsga olingan edi. Bir oy oʻtgach esa u kompaniya hukumatning axborotga boʻlgan talablariga javoban foydalanuvchilar maʼlumotlarni taqdim eta boshlashini aytgan.
Bungacha kompaniya uzoq vaqtdan beri davlatlarning bu kabi talablarini rad etib kelayotgan edi. Oʻtgan yili Forbes nashri Durov 2021 yil noyabr oyida Parijda oʻzining eng kichik farzandiga nisbatan zoʻravonlik sodir etgani boʻyicha alohida tergov ostida ekanligini xabar qilgan.
Qaysi mamlakat nechta soʻrov yuborgani va qancha maʼlumot olgani haqidagi maʼlumotni bevosita Telegram’ning rasmiy boti orqali olish mumkin. Bunda foydalanuvchilar faqatgina oʻz raqamlari tegishli boʻlgan mamlakat haqidagi maʼlumotlarni olishi mumkin.
Misol uchun, Buyuk Britaniyada tegishli organlar tomonidan 142 ta soʻrov yuborilib, 293 ta foydalanuvchining maʼlumotlari olingan. Germaniya hukumati esa 945 ta soʻrov asosida 2 237 nafar foydalanuvchining maʼlumotlarini olgan. Bundan tashqari, Rossiya hozircha maʼlumotlar taqdim etilishini soʻrab, Telegram’ga murojaat qilmagan yoki messenjer Rossiyaning soʻrovlariga javob bermagan.
Oʻzbekiston tekshirilganda esa 2024 yil 30 sentabr holatiga koʻra mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan bunday soʻrovlar yuborilmagan va/yoki messenjer tomonidan foydalanuvchining maʼlumotlari taqdim etilmagan. Oʻzbekiston uchun 2024 yil yakuniy maʼlumotlarini hozircha bot orqali koʻrish imkoniyati mavjud emas.
Telegram maxfiylik siyosatida maʼlumotlar taqdim etilishi haqida shunday deyilgan:
Agar Telegram tegishli sud organlaridan Telegram xizmat shartlarini buzadigan jinoiy faoliyat bilan bogʻliq ish boʻyicha gumon qilinuvchi ekaningizni tasdiqlovchi rasmiy soʻrovni olsa, biz soʻrovning huquqiy tahlilini amalga oshiramiz hamda IP manzilingiz va telefon raqamingizni tegishli organlarga oshkor qilishimiz mumkin.
Avvalroq Pavel Durov Telegram oʻz tarixida birinchi marotaba foydaga chiqqanini eʼlon qilgan edi.