TBC Uzbekistan bosh kompaniyadan alohida IPO oʻtkazishni koʻrib chiqmoqda — Reuters
TBC Uzbekistan Gruziyadagi bosh kompaniyasidan alohida fond bozoriga chiqish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Hozircha IPO qaysi birjada oʻtkazilishi, qancha ulush sotilishi yoki qancha mablagʻ jalb qilinishi boʻyicha parametrlar ochiqlanmagan.

Bu haqda TBC’ning Oʻzbekistondagi biznesi rahbari Nika Kurdiani Reuters’ga bergan intervyusida maʼlum qildi. Agentlikka koʻra, TBC Uzbekistan’ni Gruziyadagi asosiy biznesdan alohida listing qilish variantlardan biri sifatida koʻrib chiqilmoqda.
Biroq hozircha gap IPO oʻtkazish toʻgʻrisidagi yakuniy qaror haqida emas. Kompaniya listing maydonchasi, muddati, baholash, sotiladigan ulush yoki jalb qilinadigan mablagʻ hajmini eʼlon qilmagan.
TBC Bank Group’ning oʻzi London fond birjasida TBCG tikeri ostida savdo qilinadi va FTSE 250 indeksi tarkibiga kiradi. Guruh Oʻzbekiston bozoriga 2019 yilda Payme’ning nazorat paketini sotib olish orqali kirgan, 2020 yilda esa toʻliq raqamli TBC Bank Uzbekistan’ni ishga tushirgan.
IPO’ga aynan qaysi biznes chiqarilishi mumkin?
Bu yerda TBC Bank Uzbekistan va TBC Uzbekistan tushunchalarini farqlash muhim.
TBC Group Oʻzbekistondagi aktivlarini TBC Digital tuzilmasi ostida birlashtirgan. Guruh hisobotlarida TBC Uzbekistan faqat bankning oʻzi emas, balki TBC Digital va uning shoʻba kompaniyalarini qamrab oluvchi kengroq biznes sifatida koʻrsatiladi.
Shu bilan birga, TBC’ning Oʻzbekistondagi ekotizimi endi faqat bank va Payme bilan cheklanmaydi. Guruh biznes uchun SaaS yechimlarini taklif qiluvchi BILLZ’ni ham oʻz tarkibiga qoʻshgan, 2026 yilda esa OLX Uzbekistan nazorat paketini sotib olish boʻyicha bitimni yakunladi.
Shu tariqa, TBC’ning Oʻzbekistondagi biznesi bank xizmatlari, toʻlovlar, biznes texnologiyalari va onlayn eʼlonlar bozorini ham qamrab olmoqda.
TBC Uzbekistan qanday koʻlamga yetdi?
2025 yil yakunida TBC Uzbekistan’ning umumiy operatsion daromadi 64% oshib, 3,17 trln soʻmga, sof foydasi esa 581 mlrd soʻmga yetgan.
Kredit portfeli bir yilda 41% oʻsib, 11,4 trln soʻmni, depozitlar esa 38% koʻpayib, 6,68 trln soʻmni tashkil etgan.
Ekosistema orqali amalga oshirilgan toʻlovlar hajmi esa 61% oʻsib, 114,45 trln soʻmga yetgan. TBC maʼlumotiga koʻra, TBC Bank va Payme birgalikda Oʻzbekistondagi barcha toʻlovlarning qariyb 20%ini tashkil qilgan.
2026 yil iyun oxiriga kelib Oʻzbekistondagi raqamli oylik faol foydalanuvchilar soni 5,84 mln nafarga yetgan. Bu bir yil avvalgidan 3,3% koʻp.
TBC Salom kartalari soni 1,2 mlndan oshgan, ikkinchi chorakdagi toʻlovlar qiymati esa dollar hisobida 54% oʻsib, $3,2 mlrdni tashkil qilgan.









