Soliq qoʻmitasi fuqarolarning xorijiy internet-servislarga toʻlovlari boʻyicha banklardan maʼlumot soʻradi
Soliq qoʻmitasi tijorat banklaridan 2023–2025 yillarda fuqarolar tomonidan Apple, Facebook, Netflix va boshqa 83 ta xorijiy internet-servis foydasiga amalga oshirilgan toʻlovlar haqida maʼlumot soʻradi.
Idora bu chorani xorijiy kompaniyalarning soliq majburiyatlarini aniqlash va QQS hisob-kitoblarini tekshirish zarurati bilan izohlamoqda.

Soliq qoʻmitasi Oʻzbekistondagi tijorat banklariga fuqarolarning (Apple, Facebook, Netflix va boshqa) xorijiy internet-kompaniyalar foydasiga amalga oshirgan toʻlovlari hajmini oʻrganish maqsadida tranzaksiyalar tarixi boʻyicha maʼlumot taqdim etish yuzasidan soʻrov yubordi.
Bundan avval bir nechta Telegram kanallar va OAVda Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan banklarga yuborilgan xatlarni eʼlon qilgan edi. Idora soʻnggi uch yil davomida 83 ta xorijiy internet-servis foydasiga amalga oshirilgan toʻlovlar haqidagi maʼlumotlarni soʻragan.
Soliq organlarining talablari
Banklar 2023–2025 yillar davomida jismoniy shaxslar tomonidan soliq hisobida turgan qator xorijiy kompaniyalar manziliga amalga oshirilgan barcha toʻlovlar boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etishi lozim. Gap xalqaro kartalar (Visa, Mastercard, Uzcard, Humo va boshqalar) hamda elektron hamyonlar orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar haqida bormoqda.

Har bir tranzaksiya boʻyicha sana va summa, shuningdek AQSh dollaridagi ekvivalenti koʻrsatilishi talab etiladi. Banklar ushbu maʼlumotlarni 3 kun ichida maxsus elektron manzilga yuborishi kerak.
Talablar bajarilmagan taqdirda, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 215−3-moddasi (soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelishi haqida maʼlumot taqdim etish tartibini buzish) asosida maʼmuriy javobgarlikka tortish mumkin. Shuningdek, soliq organlari Soliq kodeksining 229-moddasiga muvofiq (bank tomonidan soliq toʻlovchining operatsiyalari va hisobvaraqlari boʻyicha koʻchirmalarni taqdim etmaslik) jarima qoʻllanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Soliq organlari mazkur maʼlumotlar talabi xorijiy internet-servislar tomonidan hisobotlarda koʻrsatilgan soliqlar summalarining “toʻgʻriligini tekshirish” va ular tomonidan 2023 yildan buyon koʻrsatilgan xizmatlar qiymatini baholash zarurati bilan izohlangan. Shuningdek, idora 2025 yil dekabr oyida qabul qilingan “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi PF-246-son farmonga ham tayanmoqda.
Qoʻmita bunga nima deb izoh bermoqda?
Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati eslatishicha, Oʻzbekiston hududida elektron shaklda xizmatlar koʻrsatishda xorijiy yuridik shaxslar jismoniy shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar qismi boʻyicha soliq toʻlovchi deb eʼtirof etiladi (Soliq kodeksining 278-moddasi). Soliq bazasi xizmatlar qiymati, soliqni inobatga olgan holda, ularning amaldagi narxlaridan kelib chiqib aniqlanadi (280-modda).
Muayyan hodisa yoki harakat bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan soliq majburiyatlari boʻyicha daʼvo muddati ushbu hodisa yoki harakat sodir etilgan paytdan boshlab 3 yilni tashkil etadi (88-modda).
2025 yilda 23 ta xorijiy internet-servis soliq hisobiga qoʻyilgan, joriy yil boshidan esa yana 6 tasi roʻyxatdan oʻtgan. Soʻrov ularning soliq majburiyatlari qachon yuzaga kelganini aniqlash, soliq bazasini hisoblash hamda undirilishi lozim boʻlgan QQS summasini aniqlash maqsadida yuborilgan.
Qoʻmita xabarida taʼkidlanishicha, toʻlovlar haqidagi maʼlumotlar banklar tomonidan shaxsi aniqlanmaydigan (anonim) shaklda taqdim etiladi. Dekabrdagi farmon bilan tasdiqlangan ustuvor chora-tadbirlar dasturida 1 martga qadar xorijiy yuridik shaxslar foydasiga amalga oshirilgan toʻlovlar boʻyicha shaxsi aniqlanmaydigan maʼlumotlarni taqdim etish tartibini ishlab chiqish nazarda tutilgan.









