Solfy FinTex platformasi NBU’ni shartnoma shartlarini buzish va tahdid yoʻllashda ayblamoqda
Solfy platformasi Milliy bankga (NBU) nisbatan jiddiy ayblovlar bilan chiqdi. Kompaniya hamkorlik shartnomasi buzilganini hamda asosiy investor va uning sheriklariga bosim va tahdidlar boʻlganini iddao qilmoqda.

FinTex yoʻnalishida faoliyat yurituvchi Solfy kompaniyasi Oʻzbekiston Milliy bankini (NBU) muhim hamkorlik shartnomasini buzganlikda va asosiy investori hamda uning yaqinlariga jiddiy tahdidlar yoʻllaganlikda ayblamoqda.
Ayblovlar nimalarga bogʻliq?
Solfy 24 fevral kuni rasmiy bayonot berib, NBU’ni shartnoma shartlarini buzganlikda aybladi. Kompaniya taʼkidlashicha, bank nafaqat shartnomaviy majburiyatlarni bajarmagan, balki noetik harakatlarga ham yoʻl qoʻygan. Kompaniya manfaatlarini xalqaro yuridik firma Amsterdam & Partners LLP himoya qilayotgani maʼlum qilingan.

Daʼvolar markazida Solfy’ning asosiy investori Maksim Poletayev turibdi. U avval Fortenova Group boshqaruvi raisi hamda Russian Aluminium Management OJSC bosh direktorining oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Yuridik firma maʼlumotiga koʻra, ikki tomon oʻrtasidagi biznes munosabatlari uzilganidan soʻng, Poletayev va uning sheriklari NBU vakillari tomonidan bosim va tahdidlarga duch kelgan.
NBU hozircha ushbu ayblovlar yuzasidan hech qanday rasmiy izoh bermagan.
Hamkorlikning tarixi
2018 yilda Maltada tashkil etilgan Solfy foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash (BNPL) modeliga ixtisoslashgan fintech platforma hisoblanadi. Kompaniya banklar, savdo tarmoqlari va isteʼmolchilarni yagona ekotizimda birlashtiradi hamda 12 oygacha muddatga, yashirin toʻlovlar, boshlangʻich badal yoki foizlarsiz xarid qilish imkonini beradi. Tashkil etilganidan buyon Solfy Yevropa, Rossiya, Belarus va Oʻzbekistonda faoliyatini kengaytirib, mintaqada milliondan ortiq karta chiqargan.

NBU bilan hamkorlik 2021 yilda boshlangan. Maqsad Oʻzbekiston bozori uchun innovatsion boʻlib-boʻlib toʻlash kartasini ishga tushirish edi. Hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli, yaʼni “win-win” model sifatida baholangan. Bunda Solfy zamonaviy texnologiya va xalqaro tajriba olib kirishi, NBU esa mahalliy infratuzilma va tartibga solish boʻyicha koʻmak koʻrsatishi kutilgan.
Bugungi ahvol
Biroq NBU sahifalari orqali Solfy kartasi haqida maʼlumotlar berish 2024 yil iyun oyiga kelib toʻxtab qolgan.
Hozirgi paytda Solfy’ning Oʻzbekistondagi faoliyati ochiq manbalarda deyarli koʻrinmaydi. Kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari yangilanmayapti. Masalan, Instagram sahifasidagi oxirgi post 8 oy avval joylangan. Kartani ushbu davrda rasmiylashtirgan mijozlar undan hozir ham foydalana olayotgani yoki yoʻqligi ochiq manbalarda aniqlashtirilmagan.
2024-yilgi reklama maʼlumotlariga koʻra, Solfy orqali 4 000 dan ortiq doʻkonda muddatli toʻlovga xarid qilish mumkin boʻlgan. Ular qatorida Korzinka Go, Yandex Eats, Makro supermarketlar tarmogʻi va bir qator yirik maishiy texnika doʻkonlari bor edi.

Ayni paytda Solfy.com saytiga kirilganda foydalanuvchilar avtomatik ravishda Sabzi nomli muddatli toʻlov xizmatiga yoʻnaltirilmoqda.









