Rossiyada Telegram faoliyatiga nisbatan yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin
Rossiyada Telegram messenjeri ishlashida texnik muammolar kuzatilmoqda. OAV maʼlumotlariga koʻra, Roskomnadzor xizmat faoliyatini qisman cheklagan boʻlishi mumkin.

Rossiyada Telegram messenjerini bloklash ehtimoli atrofidagi muhokamalar yana keskinlashdi. Bunga xizmatdagi ommaviy nosozliklar, shuningdek, OAVda regulyatorlar tomonidan messenjer faoliyatiga bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etila boshlagani haqidagi xabarlar sabab boʻlmoqda.
Ayrim Rossiya nashrlarining maʼlumotlariga koʻra, Roskomnadzor Telegram ishini qisman sekinlashtirishni boshlagan. Soʻnggi vaqtlarda foydalanuvchilar xabar yuborish, foto va videolarni yuklashda muammolar yuzaga kelayotgani, shuningdek, ilovaning smartfon va kompyuterlarda beqaror ishlayotganidan shikoyat qilmoqda. Shunga qaramay, hozircha messenjerning toʻliq bloklanishi boʻyicha rasmiy bayonot eʼlon qilinmagan.
Downdetector platformasi maʼlumotlariga koʻra, bir sutka ichida rossiyalik foydalanuvchilardan 11 mingdan ortiq shikoyat kelib tushgan. Ularning 31 foizi bildirishnomalar ishlamasligi, 26 foizi mobil ilovadagi muammolar, 22 foizi umumiy nosozliklar, 15 foizi esa saytning sekin yoki notoʻgʻri ishlashi bilan bogʻliq.
Prezident administratsiyasi rahbari oʻrinbosari German Klimenko Telegram’da, avvalo, media fayllar — foto va videolar uzatilishini cheklash rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, bu chora firibgarlikka qarshi kurash doirasida koʻrilmoqda hamda foydalanuvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan MAX messenjeriga yoʻnaltirishni koʻzda tutadi.
Mutaxassislar hozircha Telegramʼni toʻliq bloklash ehtimoli pastligini qayd etmoqda. Sababi, platformadan nafaqat oddiy foydalanuvchilar, balki OAV, biznes tuzilmalari va davlat idoralari ham keng foydalanadi. Shu bilan birga, bosimning bosqichma-bosqich kuchayishi va yangi cheklovlar joriy etilishi ehtimolini butunlay inkor etib boʻlmaydi.
Telegram’ga nisbatan avvalgi cheklovlar
Bu Telegram bilan bogʻliq ilk holat emas. 2018 yilda Rossiyada messenjer rasman bloklangani eʼlon qilingan edi. Oʻshanda Roskomnadzor uning faoliyatini cheklashga uringan, biroq amalda taqiq texnik jihatdan toʻliq ishlamagan. Foydalanuvchilar servisdan foydalanishda davom etgan, blokirovka esa kutilgan natijani bermagan. Natijada bir necha yil davom etgan cheklovlar 2020 yilga kelib bekor qilindi va Telegram yana erkin faoliyat yurita boshladi.
Shuningdek, 2025 yil 13 avgustda Roskomnadzor Telegram va WhatsApp’dagi qoʻngʻiroqlarni “qisman cheklaganini” maʼlum qilgan edi. Idora bu messenjerlar rossiyaliklarni aldashda “asosiy ovozli platformalar”ga aylanganini, ularning egalari esa regulyator talablarini eʼtiborsiz qoldirayotganini taʼkidlagan.









