Rossiya sudi Googleʼni 2 undetsillion rubl jarimaga tortdi
17 ta rus telekanalining Google korporatsiyasiga umumiy daʼvosi 2 000 000 000 000 000 000 000 000 000 000 000 000 rublni tashkil etdi. Bunda 2 raqamining ortida 36 ta nol bor raqam hosil boʻladi.
Rossiya sudi YouTube videoxostingida mahalliy telekanallarning akkauntlari tiklab berilishi borasidagi talablari bajarilmagani uchun Amerika kompaniyasiga undetsillionlarda oʻlchanadigan jarima belgiladi. Bu haqda sud ishi bilan tanish manbasiga tayanib RBK xabar qilmoqda.
Bunda “Zvezda”, “Perviy kanal”, VGTRK (“Rossiya 1”, “Rossiya 24” va boshqa hududiy telekanallar), “Parlament televideniyesi”, “Moskva Media”, “TV-Sentr”, NTV, “GPM”, “Rossiya jamoatchilik televideniyesi”, “Telekanal 360”, “TRK Peterburg”, “Pravoslav televideniyesi fondi”, “Milliy sport telekanali”, “Sentr texnologik kompaniyasi”, shuningdek, teleboshlovchi Margarita Simonyanning YouTube kanalini yurituvchi xususiy tadbirkor “Simonyan M.S.” kabilarning umumiy daʼvosi nazarda tutilgan.
RBK agentligining aniqlik kiritishicha, avvalroq sud ushbu OAVlarning akkauntlarini YouTubeʼda tiklash va bu talab bajarilmaganida yoʻqotilgan daromadni toʻlab berish majburiyati haqida qaror chiqargan. Sud qarori kuchga kirganidan soʻng toʻqqiz oy ichida bajarilishi shart boʻlgan. Talab bajarilmagan har bir kun uchun 100 ming rubl jarima belgilangan. Sud qarori bajarilmasa, har haftada summa ikki barobar koʻpayadi. Jarimaning umumiy summasi chegarasi belgilanmagan.
Sud jarayonining boshqa bir ishtirokchisi RBKga sentabr oyida umumiy jarima miqdori 13 detsillionga (13 ning ortida 33 ta nol bor) yetganini maʼlum qilgan.
2020 yilda YouTube egalari AQSh sanksiyalari ostida boʻlgan “Sargrad” va RIA FAN akkauntlarini bloklagandi. Oʻsha yilning avgustida “Sargrad” Moskva arbitraj sudiga murojaat qilgandi. Kelgusi yil bahorida sud Googleʼga bloklangan akkauntni “Sargrad”ga ochish majburiyatini yuklab, talab bajarilmasa progressiv jarima tayinlanishi bilan tahdid qilgan.
2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng koʻlamli bosqin uyushtirganidan soʻng YouTube Sputnik, NTV va “Rossiya 24”, keyinroq, Russia Today, barcha Rossiya davlat kanallari, “Gosteleradiofond” kanallari, “Spas”, shuningdek, “Avrora”, “Duma TV”, VGTRKning hududiy kanallarini bloklab qoʻygan edi.